Logo

O‘zbekiston pasporti global indeksda 123-o‘rinni oldi

Bugun 10:551 daqiqa

Kuchli o‘ntalik qatorida Osiyodan faqat Singapur pasporti yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi

O‘zbekiston pasporti global indeksda 123-o‘rinni oldi © ru.pinterest.com

O‘zbekiston pasporti dunyoda 123-o‘rinni egalladi. Bu haqda yangi Global Pasport Index (GPI) reytingida qayd etilgan.

Ushbu ko‘rsatkich 2026 yilgi ma’lumotlarni o‘zida aks ettiradi. Faqat vizasiz harakatlanishni hisobga oladigan klassik Henley Passport Index’dan farqli o‘laroq, GPI uchta asosiy omilni baholaydi: sayohat qilish imkoniyati, investitsiya jozibadorligi va hayot sifati. Ana shu omillar bo‘yicha olib qaraganda o‘zbek pasporti indekslar bo‘yicha mobillikda 129, investitsiyalarda 89 va hayot sifatida 119-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston yetakchi (107-o‘rin), keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston (123-o‘rin), Qirg‘iziston (127-o‘rin), Tojikiston (140-o‘rin) va Turkmaniston (144-o‘rin) egallagan.

Pasporti kuchli bo‘lgan mamlakatlar orasida peshqadam Shvetsiya bo‘lib, u mobillik indeksi bo‘yicha 11-o‘rin, investitsiyalar bo‘yicha to‘qqizinchi va hayot sifati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda joylashgan. Keyingi o‘rinlar Shveysariya, Finlandiya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya va Norvegiyaga nasib qilgan. Kuchli o‘ntalikni Singapur yakunlab bergan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Henley Passport Index’ning 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 62 davlatga safar qilish imkoniga ega. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda qayd etilgan 80-o‘ringa nisbatan 6 pog‘ona yaxshilanganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid