O‘zbekiston venchur investitsiyalar o‘sishida dunyoda yetakchi bo‘ldi
«Dealroom.co» reytingiga ko‘ra, 2026 yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston venchur investitsiyalar o‘sish sur’ati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaXalqaro tahlil platformasi «Dealroom.co» 2026 yilning ikkinchi choragi bo‘yicha venchur investitsiyalari hisobotini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda venchur investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 539,7 foizga o‘sgan.
Bu natija bilan O‘zbekiston bir yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlardan Keniya 325,7 foiz va Avstriya 307,7 foizlik o‘sish bilan joy olgan.
Reytingga, shuningdek, Gana, Pokiston, Xitoy, Argentina, Ukraina, Xorvatiya va AQSH ham kirgan.
Bu nima degani?
Mazkur reyting mamlakatlarga kirgan venchur investitsiyalarining umumiy hajmini emas, balki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qay darajada o‘sganini aks ettiradi.
Ya’ni, O‘zbekiston eng katta venchur bozoriga ega davlatga aylangani emas, balki investitsiyalar o‘sish sur’ati eng yuqori bo‘lgan mamlakat sifatida qayd etilgan.
Shu bois bu natija mahalliy startap ekotizimi va yuqori texnologiyali loyihalarga qiziqish kuchayib borayotganini ko‘rsatuvchi indikator sifatida baholanadi.





