Logo

O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinib, davlat lotereyalariga o‘tilishi mumkin

Bugun 20:002 daqiqa

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish instituti xarid chekini Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslarga 1 foiz keshbek qaytarish amaliyotini to‘xtatishni taklif qildi.

O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinib, davlat lotereyalariga o‘tilishi mumkin © Soliq.uz ilovasi

O‘zbekistonda xarid cheklarini soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun beriladigan 1 foizlik keshbek amaliyoti to‘xtatilishi va uning o‘rniga xavf yuqori bo‘lgan sohalardagina davlat lotereyalari joriy etilishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti shunday taklif bilan chiqdi.

Ushbu taklif davlat budjeti xarajatlarining keskin oshib borayotgani va raqamli soliq ma’muriyatchiligining rivojlangani bilan izohlanmoqda.

«Mazkur mexanizmning amal qilishi davlat budjeti hisobidan doimiy moliyalashtirishni talab etadi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal cheklar soni ortishi bilan bir qatorda, davlat budjeti xarajatlari ham muttasil ko‘payib boradi», – deyiladi IMV huzuridagi institut e’lon qilgan maqolada.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda keshbek to‘lovlari hajmi 820 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 1,8 trillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, aylanmadan olinadigan soliq tushumlarining o‘sish sur’ati keshbek joriy etilgan dastlabki yillarga nisbatan sekinlashgan.

Tahlillarga ko‘ra, to‘lanayotgan keshbekning salmoqli qismi iqtisodiyotning rasmiy sektorida, ya’ni keshbeksiz ham shaffof ishlaydigan yirik savdo tarmoqlarida amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Xususan, 2026 yil may oyida to‘langan 146,6 milliard so‘mlik keshbekning 10,7 foizi (15,7 mlrd so‘m) Top-10 savdo tarmog‘i ulushiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, tovarlar realizatsiya qilinmasa-da, soxta cheklarni shakllantirish orqali noqonuniy keshbek olish holatlari kuzatilmoqda.

«Ayrim hollarda tovarlar amalda realizatsiya qilinmagan bo‘lsa-da, davlat budjeti hisobidan keshbek olish maqsadida faqatgina soxta hisob-kitob operatsiyalarini rasmiylashtirish orqali fiskal cheklarni shakllantirish sxemalari kuzatilmoqda», – deya ta’kidlanadi tahlilda.

Lotereyalar tizimi va yangi yondashuv

Ommaviy keshbek o‘rniga, tushumlarni yashirish ehtimoli yuqori bo‘lgan sohalarda (masalan, umumiy ovqatlanish korxonalari va kichik chakana savdo obyektlari) fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Bunday lotereyalarda avtomobillar, turistik yo‘llanmalar va 5 million so‘mdan yuqori qiymatdagi sovrinlar o‘ynalishi mumkin.

Buning uchun yiliga 100 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirish yetarli deb hisoblanmoqda, bu esa davlat budjeti xarajatlarini qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish (QQS keshbeki) amaliyoti esa manzilli ijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgani uchun saqlab qolinadi.

12 foizlik keshbek saqlanib qoladi

Qo‘shimcha qilinishicha, ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslarga ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarni xarid qilganda 12 foizlik QQSni qaytarish mexanizmini bekor qilish nazarda tutilmayapti. Chunki bu mexanizm manzilli xususiyatga ega bo‘lib, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga emas, aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinib, davlat lotereyalariga o‘tilishi mumkin | Vaqt.uz