O‘zbekistonda erkaklar soni ayollardan ko‘proq ekani ma’lum qilindi
2026-yil boshida erkaklar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, Toshkent shahrida ayollar soni ustunligi kuzatilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda gender nisbati erkaklar foydasiga shakllangan. Mamlakat bo‘yicha har ming nafar ayolga o‘rtacha 1 015 nafar erkak to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimidagi ko‘rsatkich
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatida qayd etilgan. Viloyatda har ming nafar ayol hisobiga 1 034 nafar erkak to‘g‘ri keladi. Qashqadaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 1 029 nafarni, Andijonda 1 027 nafarni, Navoiyda 1 026 nafarni tashkil etgan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida har 1 ming nafar ayolga 1 025 nafar erkak to‘g‘ri kelgan. Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida bu ko‘rsatkich 1 019 nafardan bo‘lgan. Samarqand viloyatida esa har 1 ming nafar ayol hisobiga 1 016 nafar erkak qayd etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida mazkur nisbat 1 010 nafarni tashkil qilgan. Sirdaryo viloyatida 1 009 nafar, Toshkent viloyatida 1 008 nafar, Buxoro viloyatida 1 006 nafar va Xorazm viloyatida 1 004 nafar erkak qayd etilgan.
Poytaxt Toshkent shahrida esa aksincha holat kuzatilgan. Statistikaga ko‘ra, shaharda har 1 ming nafar ayolga 966 nafar erkak to‘g‘ri kelgan. Bu ayollar soni erkaklarga nisbatan yuqoriligini anglatadi.
Shu bilan birga, 2026 yil 7-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 million 401 ming 654 nafarga yetgan. Umumiy hisobda erkaklar soni ayollarga nisbatan 276,4 ming nafarga ko‘p ekani qayd etilmoqda.





