Logo

O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushdi

Bugun 12:322 daqiqa

Bu haqda Samarqandda o‘tkazilayotgan C5+1 formatidagi tadbirlar doirasidagi panel sessiyasida  Google Cloud'ning Davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha rahbari Marchin Krasuski e’lon qildi.

O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushdi

O‘zbekistonda Google Pay xalqaro to‘lov xizmati ishga tushirildi. Bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida o‘tkazilgan panel sessiyasida ma’lum qilindi. 

Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marchin Krasuski xizmat O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi.

«Menimcha, O‘zbekiston ilg‘or raqamli tartibga solish bo‘yicha yetakchilardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman», — dedi u.

Sessiya Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH davlat idoralari vakillari, shuningdek, yirik kompaniyalar ishtirokidagi biznes dastur doirasida o‘tkazilmoqda. 

Hozircha xizmatning barcha banklar kartalarida ishlashi, mahalliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyasi va foydalanish shartlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar

Google Pay va Apple Pay kabi xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekistonda ishga tushirish masalasi avval ham muhokama qilingan. 2026-yil 26-mart kuni prezident «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi.

O‘zgartishlar bilan shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi qisqartirildi. Biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga tegishli ma’lumotlar uchun mahalliy saqlash talabi saqlanib qoldi. Boshqa shaxsiy ma’lumotlarni esa belgilangan shartlarga rioya qilgan holda xorijda qayta ishlash mumkin bo‘ldi.

Iyul oyida xalqaro to‘lov xizmatlarini ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingan edi. Markaziy bank sentabrda muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan, biroq xizmatlar aynan shu oyda ishga tushishini bildirmagan.

Banklar bilan integratsiya

Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov avvalroq Apple Pay va Google Pay yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligini aytgan edi.

Uning ma’lum qilishicha, tijorat banklari, «Humo» va «Uzcard» bilan birgalikda texnik integratsiya ishlari olib borilgan. Rejalar xalqaro «Visa» va «Mastercard» kartalaridan tashqari, mahalliy to‘lov kartalarini ham xizmatlarga ulashni nazarda tutgan.

Dastlab bir yoki bir nechta bank yoxud milliy to‘lov operatorlaridan biri xizmatni ishga tushirishi mumkinligi aytilgan edi. Google Pay ishga tushirilgani e’lon qilingan bo‘lsa-da, mahalliy kartalarni ulash imkoniyati va xizmatdan foydalanish boshlanadigan banklar ro‘yxati bo‘yicha aniq ma’lumot hali taqdim etilmagan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushdi | Vaqt.uz