add

O‘zbekistonliklardan yana bir dorini iste’mol qilmaslik so‘raldi

Kecha 10:011 daqiqa

«Telsartan H» dori vositasini sotib olgan fuqarolardan ushbu dori vositasini iste’mol qilmaslik, agar mavjud bo‘lsa undan foydalanishni to‘xtatish so‘raldi.

O‘zbekistonliklardan yana bir dorini iste’mol qilmaslik so‘raldi

Dr. Reddy’s Laboratories Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Telsartan H» dori vositasining ayrim seriyalari muomaladan qaytarib olinmoqda. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan kelib tushgan rasmiy ma’lumotga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘tkazilgan sifat nazorati va barqarorlik sinovlari natijasida «Telsartan H 80 mg/12,5 mg» dori vositasining C2501976 seriyasida faol modda — gidroxlorotiazid miqdori belgilangan me’yorlardan chetga chiqqani aniqlangan. Ushbu holat preparatning sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha nomuvofiqlik sifatida baholangan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hududida muomalaga kiritilgan C2501977 seriyasi bo‘yicha faol modda miqdoriga oid bunday nomuvofiqlik qayd etilmagan. Biroq mazkur seriya nomuvofiqlik aniqlangan seriya bilan bir xil ishlab chiqarish lotiga mansub faol moddadan tayyorlangani sababli, dori vositalari muomalasi xavfsizligini ta’minlash va ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida profilaktik choralar doirasida bozordan qaytarib olinmoqda.

«Shu munosabat bilan, ko‘rsatilgan seriyadagi «Telsartan H 80 mg/12,5 mg» preparatini sotib olgan fuqarolardan ushbu dori vositasini iste’mol qilmaslik, agar mavjud bo‘lsa undan foydalanishni to‘xtatish hamda zarurat tug‘ilganda davolovchi shifokor bilan maslahatlashgan holda muqobil dori vositasini tanlash so‘raladi», - deyilgan xabarda.

Teglar

Mavzuga oid