Logo

«Perfectum»ni sotib olishga berilgan ruxsat, foyda ko‘rishni boshlagan «O‘zbekneftgaz» va ta’lim vazirining yangi o‘rinbosarlari — 20-oktabr dayjesti

Kecha 23:003 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Perfectum»ni sotib olishga berilgan ruxsat, foyda ko‘rishni boshlagan «O‘zbekneftgaz» va ta’lim vazirining yangi o‘rinbosarlari — 20-oktabr dayjesti

Erkinjon Turdimovga uch nafar o‘rinbosar tayinlandi

20-oktabr kuni Prezident qarori bilan Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovga uch nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi. Xususan, shu vaqtga qadar «PwC Uzbekistan» kompaniyasining davlat sektori va konsalting amaliyoti direktori sifatida faoliyat yuritgan Oybek Yo‘ldoshev vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimini egalladi.

Shuningdek, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boshqarma boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Mehriniso Pardayeva hamda Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti ijrochi direktori bo‘lib ishlagan Sanjar Mirzaliyev vazir o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

O‘z nomiga kredit olishni taqiqlaganlar soni 3 millionga yaqinlashdi

O‘zbekistonda 2026 yilning 1-oktabr holatiga o‘z nomiga kredit olishni taqiqlash xizmatidan foydalanganlar soni 2 million 841 mingdan oshib, 3 millionga yaqinlashdi. So‘nggi uch oy ichida ushbu cheklovni o‘rnatganlar soni 267 mingdan ziyodga (10,4 foizga) ko‘paygan bo‘lib, jami foydalanuvchilarning 1,6 milliondan ortig‘ini erkaklar va 1,1 milliondan ziyodini ayollar tashkil etadi.

Mazkur bepul xizmat fuqarolarning xabari va ishtirokisiz kredit yoki mikroqarzlar rasmiylashtirish bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida 2025 yil iyun oyida ishga tushirilgan. Taqiqni Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ilovasi va sayti, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali istalgan vaqtda o‘rnatish yoki bekor qilish mumkin.

«O‘zbekneftgaz» neft bazalar ilk bor sof foydaga chiqqanini ma’lum qildi

«O‘zbekneftgaz» tizimidagi neft bazalari 2026 yilning dastlabki 9 oyi yakunlariga ko‘ra, o‘z tarixida ilk bor sof foyda bilan ishladi. O‘tgan yilning mos davrida 108,3 milliard so‘mlik zarar ko‘rilgan bo‘lsa, joriy yilda 13 ta neft bazasi umumiy hisobda 25,2 milliard so‘m sof foyda qayd etgan. Ushbu davrda bazalar orqali 191 ming tonna mahsulot yetkazib berilib (o‘tgan yilga nisbatan 1,7 baravar ko‘p), AYQSHlardagi kunlik savdo hajmi qariyb besh baravarga o‘sdi va 1 million 237 ming litrga yetdi.

Ushbu ijobiy moliyaviy natijalarga tarmoqda olib borilgan modernizatsiya ishlari, jumladan, 121 ta shoxobchaning zamonaviy AYQSHga aylantirilishi hamda debitor va kreditor qarzdorliklarning keskin qisqartirilishi hisobiga erishildi. Shuningdek, tizimda inson omilini kamaytirish va korrupsiyaviy xavflarni cheklash maqsadida 60 ta AYQSH videokuzatuv tizimi bilan ta’minlanib, raqamlashtirish va markaziy vaziyatlar markaziga integratsiya qilish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi VEON’ning Perfectum’ni sotib olish bitimiga ruxsat berdi

Raqobat qo‘mitasi «VEON UZB Holding Ltd» (O‘zbekistondagi Beeline brendi egasi) kompaniyasiga «Perfectum» savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi «Rubicon Wireless Communication» AJning 100 foiz aksiyalarini sotib olishga rasman ruxsat berdi. Umumiy qiymati qariyb 207 million dollarga baholanayotgan mazkur bitim telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash va abonentlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yettita qat’iy shart asosida ma’qullandi.

Qo‘mita talablariga ko‘ra, «Perfectum» kamida uch yil davomida mustaqil operator sifatida faoliyat yuritishi, 5G Standalone texnologiyasini kengaytirishi va amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflarini bir yilgacha o‘zgarishsiz qoldirishi lozim. Shuningdek, internetning o‘rtacha tezligini 300 Mbit/s dan tushirmaslik, mijozlarni boshqa xizmatlarga majburlamaslik va ularning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash kabi muhim majburiyatlar belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid