Qirg‘iziston va AQSH viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqdi
Ikki davlat muzokaralarida sanksiyalar mavzusi ham ko‘tarildi. Chunki AQSH va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari orqali Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlarini kuzatib bormoqda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Adilbek Qasimaliyev AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda respublika Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsiyaviy sohalardagi hamkorlik, fuqarolik aviatsiyasini rivojlantirish, sanksiyalar mavzusi, shuningdek, viza rejimini soddalashtirishni muhokama qilgan.
Qasimaliyev «C5+1» formatining ahamiyatini ta’kidlab, o‘tgan yili ushbu formatda o‘tkazilgan prezidentlar uchrashuvi mintaqaviy hamkorlik uchun kuchli turtki bo‘lganini qayd etdi. U Rubioga ushbu platformaga Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi muloqotning asosiy vositasi sifatida e’tibor qaratgani uchun minnatdorlik bildirdi.
«Biz Qo‘shma Shtatlarni nafaqat eng muhim sherik, balki ilmiy-texnologik rivojlanish bo‘yicha jahon yetakchisi deb bilamiz. Qirg‘iziston innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohasida sheriklikni kengaytirishdan manfaatdor», — dedi bosh vazir va tashrif doirasida AQSHning yetakchi texnologik korporatsiyalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazganini qo‘shimcha qildi.
Viza rejimini soddalashtirish jarayoni
2024-yil AQSH Qirg‘iziston fuqarolari uchun B1 va B2 (turistik va ishbilarmonlik) vizalarining amal qilish muddatini 5 yildan 10 yilgacha uzaytirgan edi. Hozirda ikki davlat viza olish uchun konsullik to‘lovlarini kamaytirish va jarayonni yanada tezlashtirish ustida ishlamoqda.
Sanksiyalar
Muzokaralarda sanksiyalar mavzusi ko‘tarilgani bejiz emas. AQSH va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari orqali Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlarini diqqat bilan kuzatib boradi. Qirg‘iziston ikkinchi darajali sanksiyalarga tushib qolmaslik uchun AQSH g‘aznachiligi bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.





