Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi
2026 yil 1-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini «Soliq» ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar avtomashina yutib olishi mumkin.
© Soliq.uz ilovasiHukumatning «Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, ushbu ikki hududdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar uchun onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Yutuqli o‘yin qay tartibda tashkil etiladi
Nizomga ko‘ra, fuqarolar cheklarni «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng har bir ishtirokchi avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Ilovada foydalanuvchilarga ular tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar lotereya tizimiga kiritilgani haqida ma’lumot berib boriladi. Yutuqli o‘yinlar har oy «Soliq» ilovasidagi maxsus «Yutuqli o‘yinlar» platformasi orqali o‘tkaziladi.
G‘oliblar inson omilisiz, tasodifiy tanlash mexanizmi orqali aniqlanadi. Bunda bir oy davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha cheklar umumiy tanlov bazasiga qo‘shiladi.
Qarordan maqsad
Hukumat ushbu tashabbus orqali onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni kengaytirish, naqd pul aylanmasini qisqartirish va aholini chek talab qilishga rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi har bir oylik o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina topshiriladi.





