Qozog‘istonda endi sun’iy intellekt davlat organlari faoliyatini kuzatib boradi
9-iyundan kuchga kiradigan yangi qoidalarga muvofiq, Qozog‘iston davlat organlari faoliyati maxsus funksional tahlil moduli va sun’iy intellekt yordamida baholanadi.
© SI asosida yaratilganQozog‘iston iqtisodiyot vazirligi davlat organlari faoliyatini tahlil qilish tartibini o‘zgartirmoqda. Yangi yondashuvga ko‘ra, amaldorlar yuklamasini baholash, g‘ayrioddiy holatlar va korrupsiya xavflarini aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan, deb xabar berdi «Orda.kz».
Davlat organlari funksiyalarini baholash
Yangi metodikaga muvofiq, sun’iy intellekt tizimlari ma’lumotlardagi anomaliya va ziddiyatlarni topish, xodimlar ish yuklamasini tahlil qilish, korrupsiya xavflarini aniqlash hamda byurokratik jarayonlarni qisqartirish imkoniyatlarini izlashda yordam beradi.
Shu bilan birga, davlat organlari funksiyalarini baholash usuli ham o‘zgarmoqda. Endi ular maxsus funksional tahlil moduli orqali o‘rganiladi. Barcha funksiyalar besh toifaga ajratiladi:
ustuvor funksiyalar;
universal funksiyalar;
jarayonli funksiyalar;
o‘zaro bog‘liq funksiyalar;
yordamchi funksiyalar.
Bu yondashuv qaysi vazifalarni optimallashtirish mumkinligini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.
Sun’iy intellekt laboratoriyasi
Davlat organlari bunday tahlilni ko‘pi bilan 20 ish kuni ichida o‘tkazishi lozim. Keyin materiallar tekshirilib, yakuniy xulosalar tayyorlanadi. Shundan so‘ng tavsiyalar hukumatga taqdim etiladi.
Zarur hollarda raqamli yechimlar va davlat apparati faoliyatidagi ehtimoliy o‘zgarishlar bo‘yicha alohida yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin.
Hujjatda, shuningdek, Qozog‘iston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi huzurida Sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etilishi ham nazarda tutilgan. Laboratoriya davlat sektori uchun intellektual yechimlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.
Yangi qoidalar 9-iyundan kuchga kiradi.





