Logo

Qozog‘istondan arzon benzin tashishga yo‘l yopilmoqda: endi chegaradan kuniga faqat bir marta o‘tish mumkin

Kecha 21:552 daqiqa

Mamlakat transport vositalarining kirishiga cheklov o‘rnatdi.

Qozog‘istondan arzon benzin tashishga yo‘l yopilmoqda: endi chegaradan kuniga faqat bir marta o‘tish mumkin

Qozog‘istonda yoqilg‘i mahsulotlarini chegaradan noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida chegaradosh davlatlardan yuk va yengil avtomobillarning mamlakatga kirishiga cheklov joriy etildi. Endi transport vositalari Qozog‘iston hududiga bir sutkada faqat bir marta kirishi mumkin. Bu haqda mamlakat energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxan Tutkishbayev hukumat brifingida ma’lum qildi.

Cheklov mamlakatdan arzon yoqilg‘i zaxiralarini tashib ketishga qarshi qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning bir qismi hisoblanadi.

«Hozirgi vaqtda chegaradosh davlatlardan yuk va yengil transport vositalari Qozog‘iston hududiga bir sutkada bir martadan ortiq kira olmasligi to‘g‘risidagi qoida amal qilmoqda», – dedi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda yoqilg‘ining «yashirin» (norasmiy) olib chiqilishiga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun huquq-tartibot idoralari hamkorlikda nazorat tadbirlarini olib bormoqda.

«Asosiy ishlar yoqilg‘ini norasmiy olib chiqish uchun ishlatiladigan qo‘shimcha yoqilg‘i baklari o‘rnatilgan avtomobillarni aniqlashga qaratilgan. Bu ish bilan Ichki ishlar vazirligi, Moliyaviy monitoring agentligi, Chegara xizmati va bojxona organlari birgalikda shug‘ullanmoqda», – deya ta’kidladi Qayirxan Tutkishbayev.

Mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, chegaraoldi hududlarida yoqilg‘ini noqonuniy olib chiqishga uringan qoidabuzarlar muntazam ravishda aniqlanmoqda.

«Bugungi kunda Qozog‘istondan yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining norasmiy olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan chora-tadbirlar majmui amal qilmoqda», – deya xulosa qildi u.

Benzin bilan bog‘liq vaziyat va nazoratning kuchaytirilishi

Avvalroq Qozog‘iston bosh vaziri O‘ljas Bektenov yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining noqonuniy olib chiqilishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirgan edi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazish punktlarida faqatgina ikki sutka ichida qo‘shimcha baklar va kanistrlarda 3 tonnadan ortiq yoqilg‘ini olib chiqishga qaratilgan 61 ta, yil boshidan buyon esa 593 ta shunday urinishning oldi olingan.

Joriy yilning may oyida IIV Qozog‘istondan tashqariga benzin olib chiqish maqsadida noqonuniy qo‘shimcha baklar o‘rnatgan avtomobillar aniqlanganini xabar qilgan edi. O‘shanda qoidabuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, transport vositalari esa qonunbuzilish holati bartaraf etilgunga qadar maxsus avtoturargohlarga joylashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid