Raqamlashayotgan budjet: O‘zbekistonda 29 ming tashkilot yangi tizimga o‘tmoqda

26.02.2026 | 08:552 daqiqa

2026-yil 1-avgustga qadar budjet buyurtmalarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Raqamlashayotgan budjet: O‘zbekistonda 29 ming tashkilot yangi tizimga o‘tmoqda

So‘nggi yillarda davlat moliyasini boshqarish jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu jarayon davlat moliyasi tizimida tezkor, shaffof va ishonchli boshqaruv muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

2025 yil 26-dekabrda qabul qilingan PQ-388-son Prezident qaroriga muvofiq, kelgusi yillar uchun budjet tashkilotlari taqdim etadigan xarajat buyurtmalarini elektron ko‘rinishda tayyorlash va yuritish mexanizmlarini 2026 yil 1-avgustga qadar ishga tushirish vazifasi yuklatilgan.

 

Budjet buyurtmasi nima?

Budjet buyurtmasi — budjet tashkilotlarining kelgusi davr uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojini asoslovchi hujjat. Unda xarajatlar budjet tasnifiga muvofiq moddalar kesimida shakllantiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, mazkur hujjatni tuzish, tasdiqlash va taqdim etish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. Natijada 29 mingdan ortiq budjet tashkilotlarida qog‘oz sarfi qisqaradi, moliya va buxgalteriya xodimlarining ish yuklamasi yengillashadi.

 

Yangi imkoniyatlar

Avval budjet buyurtmalari faqat xarajat moddalari va mablag‘lar miqdori bilan cheklangan bo‘lsa, endilikda unda xarid qilinishi rejalashtirilgan tovar va xizmat turlari hamda hajmi haqida ma’lumotlar aks ettiriladi.

Bu budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xaridlar aniqligini ta’minlab, «Davlat xaridlari» axborot tizimida parametrlarni to‘g‘ri shakllantirish imkonini beradi. Shuningdek, budjetni tuzish va ijro etish axborot tizimlari o‘zaro uyg‘unlashtirilib, qaror qabul qilishda xarajatlarni chuqur tahlil qilish va audit jarayonlarini samarali tashkil etish imkoniyatlari kengayadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, davlat moliyasini boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy etish va takomillashtirish ishlari izchil davom ettiriladi.

Teglar

Mavzuga oid