«Raqamli qarshilikka xush kelibsiz». Pavel Durov Rossiyada Telegramning bloklanishiga izoh berdi

Kecha 20:332 daqiqa

U Eron bir necha yil oldin «Telegram»ni taqiqlaganini eslatib o‘tdi.

«Raqamli qarshilikka xush kelibsiz». Pavel Durov Rossiyada Telegramning bloklanishiga izoh berdi

«Telegram» asoschisi Pavel Durov Rossiyada messenjerni bloklashga bo‘lgan urinishlarga izoh berdi. Uning bayonotida Rossiya hukumati ilgari ham «Telegram»ni taqiqlashga uringani va VPN xizmatlarini taqiqlash uchun yillab vaqt sarflagani haqida aytilgan.

Durovning yozishicha, «65 million rossiyalik hamon har kuni VPN orqali «Telegram»dan foydalanmoqda, shu bilan birga 50 milliondan ortig‘i har kuni xabarlar yubormoqda».

«Bloklash urinishlari hozirgina ommaviy bank tizimidagi nosozliklarni keltirib chiqardi — kecha butun mamlakat bo‘ylab naqd pul qisqa vaqt ichida yagona to‘lov usuliga aylanib qoldi», — dedi Durov.

Eron tajribasi

U Eron bir necha yil oldin «Telegram»ni taqiqlaganini eslatib o‘tdi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, natija Rossiyadagi bilan bir xil bo‘lgan — «hukumat kuzatuv maqsadida o‘z messenjerlari ommalashishiga umid qilgan, lekin buning o‘rniga VPNning ommaviy qo‘llanishiga erishgan».

«Raqamli qarshilikka qayta xush kelibsiz, mening rossiyalik birodarlarim va opa-singillarim. Hozir butun mamlakat ushbu bema’ni cheklovlarni chetlab o‘tish uchun safarbar bo‘lgan. Minglab odamlar VPN va proksi-serverlar yaratmoqda», — deb yozdi Durov va «Erondagi 50 million raqamli qarshilik a’zolariga Rossiyadagi 50 milliondan ortiq kishi qo‘shilganini» ta’kidladi.

«Telegram» jamoasi, o‘z navbatida, «trafikni aniqlash va bloklashni qiyinlashtirish orqali moslashishda davom etishga» va’da berdi.

«Telegram»ning bloklanishi

Fevral oxirida bir nechta Rossiya OAVlari hukumat «Telegram»ni 1-aprelga qadar to‘liq bloklamoqchi ekanligi haqida xabar bergan edi. Bu amalga oshmadi, lekin Rossiyadagi ko‘plab foydalanuvchilarda messenjer mart oyidayoq VPNsiz ishlamay qoldi. Raqamli rivojlanish vazirligi ularning oldiga Rossiyada VPNdan foydalanishni kamaytirish vazifasi qo‘yilganini ma’lum qildi.

Mart oyi boshida «Forbes» nashri «Okkam»ning «Mediascope» ma’lumotlariga asoslangan hisob-kitoblariga tayanib, 2026 yil yanvar oyida «Telegram»ga kirgan foydalanuvchilar soni deyarli 96 million kishini tashkil etganini yozgan edi. Nashrning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha «Telegram» Rossiyadagi eng ommabop messenjer bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid