San’atkorlarga ipoteka krediti bo‘yicha yangi imtiyozlar beriladi
O‘zbekistonda har yili 1 ming nafar shoir, yozuvchi, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimlari hamda rassomlarga uy-joy xaridi uchun ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Har yili 1 ming nafar shoir, yozuvchi, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimlari hamda rassomlarga uy-joy xaridi uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Prezident ta’kidlashicha, boshqa hududdan kelib ishlayotgan madaniyat va san’at xodimlari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Endi ularning uy-joy ijarasi xarajatlari Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda esa 1,6 million so‘mgacha davlat tomonidan qoplanadi.
Uchrashuvda soha xodimlarining salomatligi va ijtimoiy muhofazasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Har yili yuqori natija ko‘rsatgan 1 ming nafar madaniyat va san’at vakili davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi. Shuningdek, yana 2 ming nafar ijodkorga tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil mehnat qilgan xodimlarga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar ajratiladi.
Yangi imkoniyatlar
15-iyundan boshlab xalq artisti, xalq shoiri va xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvon sohiblari aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tashabbus milliy madaniyat rivojiga hissa qo‘shgan ijodkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, ashula va raqs ansambllari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan mazkur jamoalardagi barcha xodimlarning ish haqi ikki baravar oshiriladi. Raqs ustalari uchun pensiyaga chiqishda talab etiladigan maxsus staj 20 yildan 15 yilga qisqartiriladi. Qolgan besh yillik mehnat faoliyatini esa baletmeyster, repetitor yoki pedagog sifatida davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Raqs va musiqaga e’tibor
Davlat rahbari Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan Maqom markazi yonida zamonaviy Raqs saroyini barpo etishni taklif qildi. Shu bilan birga, raqs san’atini rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Kompozitor va bastakorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Endi har yili opera, simfoniya va boshqa mumtoz hamda zamonaviy janrlarda kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmalari beriladi. Shuningdek, aeroportlar, vokzallar, metro bekatlari, parklar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, kafe hamda restoranlarda milliy kuy-qo‘shiqlarni muntazam yangratish zarurligi ta’kidlandi.





