Logo

Telegram’ning Android versiyasida yangi funksiya paydo bo‘ldi

Bugun 10:251 daqiqa

Telegram ovozli xabarlar uchun yangi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda. Undan hozircha faqat Premium obunachilari foydalana oladi.

Telegram’ning Android versiyasida yangi funksiya paydo bo‘ldi

Telegram’ning Android uchun 13.0.3 beta-versiyasida ovozli xabarlarni yozish jarayonidayoq matnga aylantirish funksiyasi paydo bo‘ldi. Bu haqda Kod.ru xabar berdi.

Yangi funksiyadan foydalanish uchun ovozli xabarni yozish paytida mikrofon belgisi ustida barmoqni yuqoriga surish va tanaffus tugmasi yonidagi «Aa» belgisini bosish kerak. Audio qayta ishlanganidan keyin foydalanuvchi suhbatdoshiga matn yoki asl ovozli xabarni yuborishni tanlashi mumkin.

Yozuvni davom ettirish yoki uning keraksiz qismini kesib tashlash ham mumkin. Bunday hollarda xabarni matnga qayta aylantirish imkoniyati taklif etiladi.
Funksiya hali sinov bosqichida bo‘lib, ayrim hollarda noto‘g‘ri ishlashi mumkin. Undan hozircha faqat Telegram Premium obunachilari foydalana oladi.

Ovozli xabarlarda shovqinni kamaytirish imkoniyati ham paydo bo‘ldi

Beta-versiyada «Voice Messages» nomli tajribaviy sozlamalar bo‘limi ham qo‘shilgan. Unda ovozli xabarlarni yozishni yaxshilashga qaratilgan RNNoise texnologiyasi mavjud.

RNNoise — fon shovqinini kamaytirish uchun neyron tarmoqlardan foydalanadigan ochiq kodli texnologiya. U inson ovozini atrofdagi shovqinlardan ajratib, audio sifatini yaxshilashga yordam beradi.

Telegram’da qabul qilingan ovozli xabarlarni matnga aylantirish imkoniyati avvaldan mavjud edi. Yangi funksiya esa bu jarayonni xabarni yuborishdan oldin amalga oshirishga imkon beradi.

Teglar