Logo

THE reytingi: O‘zbekistonning 24 ta universiteti dunyoning top-1000 taligiga kirdi

Bugun 09:242 daqiqa

THE Sustainability Impact Ratings 2026 reytingiga O‘zbekistonning 50 ta oliy ta’lim muassasasi kiritildi. Ulardan 24 tasi dunyoning eng yaxshi 1000 talik universitetlari qatoridan joy oldi.

THE reytingi: O‘zbekistonning 24 ta universiteti dunyoning top-1000 taligiga kirdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi Indoneziyada bo‘lib o‘tgan ta’lim kongressi doirasida THE Sustainability Impact Ratings 2026 natijalarini e’lon qildi.

Mazkur reyting oliy ta’lim muassasalarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissasini ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, institutsional boshqaruv, ijtimoiy mas’uliyat, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik kabi mezonlar asosida baholaydi.

Bu yilgi reytingga O‘zbekistonning 50 ta oliy ta’lim muassasasi kiritildi. Shundan 24 tasi dunyoning eng yaxshi 1000 talik universitetlari qatoriga kirdi.

Eng yuqori natijani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayd etib, 101–200-o‘rinlar guruhidan joy oldi.

O‘zbekiston Milliy universiteti va «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o‘rinlar, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti esa 301–400-o‘rinlar guruhida qayd etildi.

Reytingning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham O‘zbekiston universitetlari yuqori natijalarga erishdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti «Gender tengligi» yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egalladi.

Toshkent davlat texnika universiteti «Arzon va toza energiya» yo‘nalishida 5-o‘rinni, Farg‘ona politexnika instituti esa 6-o‘rinni qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti «Gender tengligi» bo‘yicha 20-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Termiz davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti «Arzon va toza energiya» yo‘nalishida mos ravishda 36 va 48-o‘rinlardan joy oldi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti esa «Sog‘liq va farovonlik» yo‘nalishida dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti qatoriga kirdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda mazkur reytingdan O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rin olgan bo‘lsa, 2022 yilda ularning soni 30 taga, 2023 yilda 47 taga, 2024 yilda 53 taga, 2025 yilda esa 59 taga yetgan. 2026 yilda reytingga kirgan universitetlar soni 50 tani tashkil etdi, shundan 24 tasi top-1000 talikdan joy oldi.

Teglar

Mavzuga oid