add

Turkiyada stadion, savdo markazlari va bog‘larga boshpanalar qurish majburiy qilinadi

Bugun 08:401331

Turkiyada xavfsizlik talablari kuchaytirildi: endi barcha yirik inshootlarda aholi uchun boshpanalar qurilishi majburiy bo‘ladi.

Turkiyada stadion, savdo markazlari va bog‘larga boshpanalar qurish majburiy qilinadi

Chiqarilgan yangi qarorga ko‘ra, Turkiyada 5000 nafardan ziyod tomoshabin sig‘adigan har qanday yangi stadion loyihasida favqulodda holatlar uchun boshpana ko‘zda tutilish shart. Milliy bog‘lar, metropoliten tunnellari va savdo markazlari ham boshpana sifatida foydalanishga mos holga keltiriladi.

Yangi quriladigan turar-joy binolari, mehmonxonalar va sanoat majmualarida ham boshpana qurish talab etiladi, deb yozmoqda GDH nashri.

Jumladan, 10 va undan ortiq xonali uy-joylar, 50 tadan ortiq yotoq o‘rniga ega turargohlar, 2 ming kvadrat metrdan katta sanoat ob’ektlari va 1 ming metr kvadratdan ortiq rasmiy binolar boshpanali bo‘lishi shart.

Turkiya hukumati 2028 yil 31-dekabrga qadar mavjud savdo markazlari, avtoturargoh va metro infratuzilmalarini bombapana talablariga moslashtirishni buyurdi. Milliy bog‘lardagi yerosti boshpanalari bog‘ maydonining kamida 3 foizini tashkil etishi kerak. Savdo markazlari va avtoturargohlarning yerto‘lasida ham boshpana qurilishi talab etiladi.

Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalaridagi boshpanalarda to‘la 24 soat elektr ta’minotini ta’minlovchi generator, birinchi yordam qutisi, muqobil yoritish va aloqa uskunalari bo‘lishi majburiy. Boshpanada joylashtiriladigan uskunalar qatorida TRT telekanali uchun uzluksiz efirga chiqish imkonini yaratadigan texnik vositalar ham bo‘ladi.

Barcha boshpanalar ma’lumotlari mahalliy hokimliklar orqali viloyat FVV boshqarmalariga yetkaziladi. Ularning holatini nazorat qilish va doimiy tayyor holda ushlash uchun esa binolar boshqaruvchilari mas’ul hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkiyada stadion, savdo markazlari va bog‘larga boshpanalar qurish majburiy qilinadi | Vaqt.uz