Uy-joy bozori tahlili: Toshkentdagi eng qimmat uylar qaysi hududlarda joylashgan?

Bugun 14:153 daqiqa

Toshkentda uy-joy narxlari hududlar kesimida farqlanmoqda. Uylarning qurilish turi, ta’mir holati va uy maydoni ham narxga ta’sir qilmoqda.

Uy-joy bozori tahlili: Toshkentdagi eng qimmat uylar qaysi hududlarda joylashgan?

2025 yilda ko‘chmas mulk bozoridagi umumiy faollik oshgan bo‘lsa-da, Toshkent shahrida narxlar geografiyasida muhim o‘zgarishlar kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan 2025 yilning IV choragi bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori tahlilida ko‘rish mumkin.

Xususan, Toshkent shahrida 2025 yilda uy-joy narxlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod tumanida qayd etildi. Bu hududda narxlar Olmazor tumaniga nisbatan o‘rtacha 23,7 foizga yuqori shakllangan.

Mazkur holat markaziy joylashuv, biznes va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasining rivojlangani hamda yuqori talab bilan izohlanadi. Shuningdek, yangi qurilgan turar-joy majmualari ulushi ham narxlarni oshiruvchi omillardan hisoblanadi.

Shaharda eng past narxlar Bektemir tumanida kuzatildi. Bu yerda uy-joylar narxi bozor o‘rtachasiga nisbatan 24,4 foizga arzon.

Bu farq asosan shahar markazidan uzoqlik, infratuzilmaning nisbatan kam rivojlangani va talab darajasining pastligi bilan bog‘liq.

So‘nggi yillarda Yunusobod tumanida uy-joylarga bo‘lgan talab barqaror o‘smoqda. Agar 2022–2023 yillarda bu hududda narxlar Olmazor bilan deyarli teng bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib farq 10 foizgacha oshgan.

Qurilish turi, ta’mir holati va uy maydoni narxga ta’sir qilmoqda

Uy-joy narxlariga qurilish materiali ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Panel uylar asosiy baza sifatida olinganda, g‘ishtdan qurilgan uylar 3–6 foizga qimmatroq baholangan. Monolit binolar narxi esa so‘nggi yillarda yanada tez o‘smoqda. Shuningdek, ta’mir holati ham muhim omil bo‘lib, 2024 yilda yangi ta’mirlangan xonadonlar o‘rtacha ta’mirdagi uylarga nisbatan 7–8 foizga qimmat sotilgan. Uy maydoni har bir birlikka oshganda uy narxi o‘rtacha 0,1 foizga pasayishi, har bir qo‘shimcha qavat esa 0,2–0,9 foizga arzonlashtirishi kuzatilgan. Shuningdek, birinchi va oxirgi qavatdagi xonadonlar oraliq qavatlarga nisbatan arzonroq baholanadi.

Birlamchi bozor ustunlikka chiqdi

2022 yilda yangi qurilgan uylar ikkilamchi bozorga nisbatan 3–6 foiz arzon bo‘lgan. Ammo 2025 yilga kelib vaziyat o‘zgardi — birlamchi bozordagi uylar ikkilamchi uylarga nisbatan o‘rtacha 3 foizga qimmat baholanmoqda. Bu yangi uylarga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston bo‘ylab narxlar dinamikasi

Respublika bo‘ylab qaralganda, 2025 yilda uy-joy narxlari turli valutada turlicha dinamikani ko‘rsatdi. Dollar hisobida birlamchi bozorda narxlar 5,7 foizga, ikkilamchi bozorda 7,9 foizga oshgan. Biroq so‘m hisobida birlamchi bozorda 1,3 foizga pasayish, ikkilamchi bozorda esa 0,7 foizlik o‘sish kuzatildi. Bu farq sotuvchilarning narx belgilashda asosan xorijiy valutaga tayanayotgani va hisob-kitoblarni bosqichma-bosqich milliy valutaga o‘tkazayotgani bilan izohlanadi.

Ijara bozori ham qimmatlashmoqda

Ijara bozorida ham o‘sish saqlandi: respublika bo‘yicha ijara narxlari yil yakunida 8,3 foizga oshdi. Toshkent shahrida esa so‘m hisobida narxlar deyarli o‘zgarishsiz qolib, bozorda talab va taklif muvozanati shakllanganini ko‘rsatdi.

Yer uchastkalari narxi: chekka hududlarda taklif oshdi

Toshkent shahrida 100 kv.m. (1 sotix) yer maydonining narxi dekabr oyi yakunida 319 mln so‘mni tashkil etdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga pastroq bo‘ldi. Bu asosan shahar chekka hududlarida taklifning 22 foizga oshgani bilan bog‘liq.

Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarida yangi qurilishlar ko‘payib, uy-joy va yer uchastkalari taklifi sezilarli darajada oshgan. Natijada bu hududlarda narxlar bosim ostida qolmoqda. Shu bilan birga, shahar markazida yer uchastkalari taklifi 13 foizga qisqargani yuqori narxni saqlab turishga xizmat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid