Uy-joy xaridida aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
Yangi uy xarid qilishdan oldin uning qonuniyligi, quruvchi kompaniyaning ishonchliligi va ruxsat hujjatlarini bir necha daqiqada tekshirish mumkin. Buning uchun davlatning rasmiy platformalarida qanday ma’lumotlar mavjud va ulardan qanday foydalanish mumkin?
© vaqt.uzUy xarid qilish ko‘pchilik uchun hayotdagi eng muhim qarorlardan biri. Biroq reklamadagi va’dalar yoki arzon narx har doim ham uyning qonuniy va ishonchli ekanini anglatmaydi. Shuning uchun shartnoma imzolashdan oldin qurilish obyekti va quruvchi kompaniya haqidagi ma’lumotlarni tekshirib chiqish lozim.
Xususan, 2025 yilda mamlakat bo‘ylab qonunchilik talablarini buzib qurilgan qariyb 2 mingta obyekt aniqlangan. Faqatgina Toshkentning o‘zida o‘tgan yili 60 dan ortiq qurilish loyihasi vaqtincha to‘xtatilgan. Ular orasida Sergeli City, Uchtepa City va Strong Cities kabi turar joy majmualari ham bor.
Qurilishning qonuniyligini qanday tekshirish mumkin?
Buning uchun Respublika urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish markazi yaratgan interaktiv xaritadan foydalanish mumkin. Platformada O‘zbekiston bo‘ylab qurilayotgan hamda foydalanishga topshirilgan obyektlar jamlangan.
Har bir obyekt aniq manzilga bog‘langan bo‘lib, unda qurilishga oid asosiy ma’lumotlar va rasmiy hujjatlar mavjud. Shuningdek, uyni kadastr ma’lumotlari orqali qidirish, qaysi hududda joylashgani va seysmik xavf darajasini ham ko‘rish mumkin.
Xaritada obyektlar ranglar orqali ajratilgan. Ko‘k rang qurilishi davom etayotgan, qizil rang qurilishi to‘xtatilgan, qora rang muzlatilgan, yashil rang esa foydalanishga topshirilgan obyektlarni anglatadi.

Qiziqtirgan obyekt ustiga bosilganda uning qurilish bosqichi, buyurtmachi va quruvchi kompaniya, rejalashtirilgan topshirish muddati, qavatlar soni, bloklar va xonadonlar soni haqida batafsil ma’lumot ochiladi.
Shuningdek, obyekt kartochkasiga arxitektura va shaharsozlik kengashi xulosasi, ekspertiza hujjatlari hamda davlat ro‘yxatidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan bo‘ladi.

QR-pasportdan nimalarni aniqlash mumkin?
Har bir qurilish obyekti uchun alohida QR-pasport shakllantirilgan. Unda qurilishga ruxsat berilgan sana, loyiha tashkiloti va pudratchi haqidagi ma’lumotlar, obyekt zarur ekspertizalardan o‘tgan-o‘tmagani, arxitektura va shaharsozlik kengashi qarorlari hamda qurilishning yakunlanish muddati keltiriladi.

Quruvchi kompaniya ham tekshiriladimi?
Quruvchi kompaniyaning ishonchliligini ham davlat platformasi orqali baholash mumkin. 2021 yildan buyon Qurilish vazirligi huzurida reyting.mc.uz onlayn reyting tizimi faoliyat yuritmoqda.
Tizim kompaniyalarni bozordagi tajribasi, moliyaviy holati, foydalanishga topshirgan obyektlari sifati hamda texnik bazasi asosida baholaydi. Natijada quruvchiga reyting beriladi. Eng yuqori daraja — AAA, bu kompaniyaning ishonchliligi yuqori va xavf darajasi pastligini bildiradi. Eng past ko‘rsatkich — DDD bo‘lib, yuqori xavf va eng past ishonchlilik darajasini anglatadi.
Reyting interaktiv xaritadagi obyekt kartochkasida ham aks ettiriladi. Shu bois uy tanlashda nafaqat loyihaning, balki uni qurayotgan kompaniyaning ham ishonchliligini bir joyning o‘zida tekshirish mumkin.
Ma’lumotlarga qanchalik ishonish mumkin?
Interaktiv xarita ham, quruvchilar reytingi ham Qurilish vazirligi tomonidan yuritiladigan rasmiy platformalar hisoblanadi. Ularda obyektlarga oid tasdiqlangan ma’lumotlar, ruxsat hujjatlari va qurilish maydonchasining dolzarb suratlari e’lon qilib boriladi.
Albatta, bu platformalar uy xarid qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish uchun yagona mezon emas.Biroq ular uy xarididan oldin ehtimoliy xatarlarni baholash va asosli qaror qabul qilishda muhim manba hisoblanadi.
