«Uzbekistan Airways» «Apple Pay» va «Google Pay»ni ishga tushirdi

«Uzbekistan Airways» rasmiy sayti va mobil ilovasida «Apple Pay» hamda «Google Pay» orqali to‘lov qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.

«Uzbekistan Airways» «Apple Pay» va «Google Pay»ni ishga tushirdi © uzairways.uz

«Uzbekistan Airways» matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi to‘lov usullari aviatashuvchining rasmiy sayti va mobil ilovasida joriy etilgan. Endi yo‘lovchilar bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lda kiritmasdan turib, smartfon orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin.

Aviakompaniya mazkur xizmat O‘zbekistonda birinchi marta joriy etilganini ta’kidladi. Bu esa raqamli to‘lov tizimlarini aviatsiya sohasiga integratsiya qilishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Kompaniya ma’lum qilishicha, Apple Pay va Google Pay orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalar tokenlashtirish hamda shifrlash texnologiyalari orqali himoya qilinadi. Bu esa foydalanuvchilar uchun xavfsizlik darajasini oshiradi.

Shuningdek, yangi to‘lov tizimi orqali operatsiyalarni tezkor amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa chipta xarid qilish jarayonini soddalashtirib, mijozlar uchun qo‘shimcha qulaylik beradi.

Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar

Avvalroq Senat «PayPal», «Apple Pay» va «Google Pay» xizmatlarini yoqish uchun «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qullagan edi.

Amaldagi qonunga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi shart edi. Bu talab xalqaro to‘lov tizimlari uchun qator texnik va huquqiy qiyinchiliklar tug‘dirib, ularning mamlakat bozoriga kirishini cheklab kelgan. Ayniqsa, ma’lumotlarni global serverlarda qayta ishlaydigan kompaniyalar uchun bu me’yor hal qiluvchi to‘siq hisoblanardi.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar ushbu muammoni bartaraf etishga qaratilgan. Yangilangan normalarga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlarning barcha turlari emas, balki faqat ayrim toifalari O‘zbekiston hududida saqlanishi shart bo‘ladi. Bular qatoriga biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlariga oid ma’lumotlar kiritilmoqda.

20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Qonunchilik palatasi «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritiladigan tuzatishlarni qabul qildi. 5-fevral kuni esa Senat tomonidan tasdiqlandi. Senatorlar ushbu hujjat elektron tijoratni rivojlantirish, internet platformalaridan foydalanishni yengillashtirish va fuqarolar uchun to‘lov xizmatlarini yanada qulay qilishini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Uzbekistan Airways» «Apple Pay» va «Google Pay»ni ishga tushirdi | Vaqt.uz