add

Xitoy Huarong ofshor bo‘limining pora olgan sobiq rahbari qatl etildi

Bugun 12:551271 daqiqa

Bay Tyanxuey 1,1 mlrd yuan miqdorida pora olgani uchun o‘limga hukm qilindi. Bu Xitoy moliya sektoridagi korrupsiyaga qarshi kurashishga oid katta voqea bo‘ldi.

Xitoy Huarong ofshor bo‘limining pora olgan sobiq rahbari qatl etildi

Reuters xabar berishicha, Xitoyda 9-dekabr kuni China «Huarong International Holdings» kompaniyasining sobiq bosh direktori Bay Tyanxueyni 1,1 milliard yuan (156 million dollar) pora olgani uchun qatl etildi. CCTV davlat teleradiokorporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, uning qilmishi davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgani uchun eng og‘ir jazo qo‘llangan.

«China Huarong International» — 2024 yildan «China CITIC Financial Asset Management» nomi bilan faoliyat yuritayotgan, muammoli kreditlar bilan ishlovchi Xitoyning yirik moliyaviy tuzilmasi bo‘lgan «China Huarong Asset Management» kompaniyasining asosiy ofshor moliyalashtirish bo‘limi hisoblanadi. Kompaniya davlat banklarining muammoli qarzlarini boshqarish uchun tashkil etilgan.

CCTV ma’lumotlariga ko‘ra, Bay 2014–2018 yillarda Honkongdagi «Huarong International Financial Holdings Ltd» va «China Huarong International Holdings Ltd» kompaniyalarida yuqori lavozimlardan foydalanib, pul va aktivlarni noqonuniy qabul qilgan. Sud uning pora holatlarini «g‘ayrioddiy darajada yirik» deb topgan.

Bay 2024 yil may oyida Tyanszin shahri sudi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan, fevral oyida esa yuqori sudga qilgan shikoyati rad etilgan. Keyinchalik Xitoy Oliy sudi ham ushbu hukmni tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda «Huarong»ning sobiq raisi Lay Syaomin ham 1,79 milliard yuan pora olgani uchun qatl etilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid