
2025-yilda eng yirik oltin zaxiralari reytingi e’lon qilindi: O‘zbekiston ham bor
2025-yilda dunyoda eng katta oltin zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxati e’lon qilindi. O‘zbekiston va Qozog‘iston 361 tonna zaxira bilan 16-17-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

2025 yil holatiga ko‘ra, dunyodagi eng yirik oltin zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxati ochiqlandi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga asoslangan reyting global moliya bozorlarida oltinning ahamiyati yanada kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy beqarorlik sharoitida investorlar uchun «xavfsiz panoh» hisoblangan oltin davlatlar zaxira siyosatida ham asosiy vositalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Reytingda birinchi o‘rinni 8133 tonna oltin zaxirasi bilan AQSH egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda mos ravishda Germaniya (3350 tonna) va Italiya (2452 tonna) joy olgan. Fransiya (2437 tonna, 4-o‘rin), Rossiya (2330 tonna, 5-o‘rin) va Xitoy (2304 tonna, 6-o‘rin) ham dunyodagi eng yirik oltin zaxiralariga ega davlatlar qatorida qayd etildi.
Turkiya ushbu reytingda 641 tonna oltin zaxirasi bilan 10-o‘rindan joy oldi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan strategik qarorlar natijasida mamlakat oltin zaxiralarini 600 tonnadan oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Turkiyani Yaponiya (846 tonna, 9-o‘rin), Hindiston (880 tonna, 8-o‘rin) va Shveysariya (1040 tonna, 7-o‘rin) kabi yirik iqtisodiyotlar bilan bir qatorga qo‘ydi.
Top-10 likdan so‘ng O‘zbekistondan oldinga o‘rinlarda Niderlandiya (612 tonna), Polsha (515 tonna), Yevrozona (507 tonna), Tayvan (424 tonna) va Portugaliya (383 tonna) o‘rin olgan.
Avvalroq eahon bozorlarida oltin va kumush narxlari markaziy banklar talabi va AQSHda pul-kredit siyosati yumshashi fonida 36 yillik rekordlarga yaqinlashgani haqida xabar bergan edik.





