
Oltin va kumush narxlari 36 yillik rekordga yaqinlashdi
Jahon bozorlarida oltin va kumush narxlari markaziy banklar talabi va AQSHda pul-kredit siyosati yumshashi fonida 36 yillik rekordlarga yaqinlashmoqda.

Jahon moliya bozorlarida oltin va kumush narxlari yuqori sur’atda o‘sishda davom etmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, oltin qiymati so‘nggi uch kunlik o‘sishdan keyin barqarorlashgan bo‘lsa-da, bozordagi umumiy trend hanuz yuqori qolmoqda. Ushbu o‘sish AQSHda pul-kredit siyosatini yanada yumshatish ehtimoli bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon oltin narxi 60 foizdan ko‘proqqa oshgan. Kumush esa ikki baravardan ortiq qimmatlashdi. Har ikki metall ham 1979 yildan beri kuzatilmagan eng yuqori yillik ko‘rsatkichlarga yaqinlashmoqda.
O‘sishning asosiy omillari sifatida markaziy banklar tomonidan oltin xaridining ko‘payishi, shuningdek, investorlarning davlat obligatsiyalari va milliy valyutalardan chiqib, xavfsiz aktivlarga o‘tishi ko‘rsatilmoqda. Payshanba kuni oltin quymalari narxi unsiyasi uchun taxminan 4270 dollar atrofida shakllandi, bu kun davomida 1,2 foizlik o‘sishdan keyin qayd etildi.
Vantage Markets kompaniyasining Melburndagi katta bozor tahlilchisi Hebe Chenning ta’kidlashicha, oltin narxlari 2026 yilda ham o‘sishda davom etishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, markaziy banklar tomonidan barqaror talab, yumshatilgan monetar siyosat va doimiy geosiyosiy keskinlik makroiqtisodiy jihatdan mustahkam tayanch yaratmoqda.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, oltin bilan ta’minlangan birja fondlaridagi aktivlar joriy yilda may oyidan tashqari har oy o‘sib borgan. Bu ham investorlar ishonchi yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, kumush narxi ham so‘nggi haftalarda talabning oshishi va asosiy savdo markazlaridagi tanqisliklar sabab keskin ko‘tarildi. Payshanba kuni kumush unsiyasi 64,31 dollar darajasiga chiqib, tarixiy maksimumni yangiladi. Qimmatbaho metallardan platina narxlari biroz pasaygan bo‘lsa, palladiy qiymati o‘sish qayd etdi.





