
Ketma-ket rekordlar: oltin narxi nega oshyapti?
Bir necha kundan beri jahonda ham, O‘zbekistonda ham oltin narxi tarixiy rekordlarni yangilamoqda.

Markaziy bank 14-yanvar kuni uchun O‘zbekistondagi banklarda sotilayotgan oltin quymalari narxini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, oltin quymalarining 1 g uchun narxi ilk bor 1 mln 852 ming so‘mga yetdi. 100 g oltin quyma banklarda 185,2 mln so‘mdan sotilmoqda.
Qadog‘i but holatdagi 100 g quyma 178 mln so‘mdan qaytarib sotib olinmoqda. Texnik talablarga mos kelmagan holda narx 176,2 mln so‘mni tashkil qiladi.

Oltin quymalari narxi ketma-ket uchinchi kun rekordni yangilamoqda. Jahon bo‘yicha oltin narxi ham troya unsiyada 4 635 dollargacha ko‘tarildi va yangi rekord darajaga chiqdi.
Narx oshishiga nima sabab bo‘lyapti?
Oltin so‘nggi yillarda investorlar uchun rostmana «xavfsiz boshpana» vazifasini o‘tab bermoqda. Geosiyosiy notinchliklar, iqtisodiy noaniqliklar ortidan qimmatbaho metalga talab kuchayib boryapti.
Bu davrda Markaziy banklar ham oltinga asosiy zaxira vositasi sifatida qaray boshladi va uni jamg‘arishga ko‘proq e’tibor qaratdi.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarida ayni paytda oltin miqdori 83 foizni tashkil qiladi. Vaholanki, bir paytlar mamlakat zaxiralardagi oltin ulushini 50 foizdan pasaytirishni reja qilgandi.
Biroq, 2025 yilgacha Markaziy bank raisi o‘rinbosari, hozirda Statistika qo‘mitasi raisi bo‘lgan Behzod Hamroyev Bloomberg nashriga bozor bunga yo‘l qo‘ymaganini aytgandi.
«Obligatsiyalarga ko‘proq sarmoya kiritish haqida o‘yladik, lekin bozorning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymadi. Biz uchun ikkita omil bor: joriy narx va kelajakdagi narx. Narx ko‘tarilmoqdami yoki u o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetib, pasayyaptimi? Bu biz izlayotgan daqiqa. Agar narx ko‘tarilayotgan bo‘lsa, kutganimiz ma’qul», — degan edi Hamroyev.
Shu tariqa Markaziy banklar oltinning yuqorilayotganini oldindan sezdi va zaxiralarga oltin yig‘ishni boshladi. 2025 yilning 11 oyida ular jami 297 tonna oltin sotib oldi. Bu esa qo‘shimcha talabni yuzaga keltirib, narxlar o‘sishda davom etishiga turtki bo‘ldi.
So‘nggi paytlarda oltin tarixiy rekordlarni yana bir bor yangiladi. Qayta-qayta rekordlarga ikkita muhim voqea sabab bo‘ldi.
Birinchi ta’sir, AQSH Federal rezerv tizimi raisi Jerom Pauyell Donald Tramp ma’muriyati unga nisbatan tergov boshlaganini e’lon qilgach yuzaga keladi. Investorlar AQSH Markaziy banki mustaqilligi xavf ostida deb hisobladi va oltinga doimgidek “xavfsiz boshpana” sifatida sarmoyani ko‘paytirdi.
Ikkinchisi Erondagi notinchliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Butun mamlakat bo‘ylab ikki haftadan beri norozilik namoyishlari o‘tkazilib, unda 2 000 ga yaqin eronliklar halok bo‘ldi. Donald Tramp hodisa ortidan Eron bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolgan davlatlarga 25 foiz boj joriy qilinishini ma’lum qildi.
Tramp bu qarorni o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilib, chora «darhol kuchga kirgani» va «qat’iy va yakuniy» ekanini ta’kidlagan.
2026 yil narx qanday bo‘ladi?
Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonidan 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilari keyingi yil oxirida oltinni 5 200—5 300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. Goldman Sachs prognozi esa 4 900 dollar atrofida.
Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 100 g ko‘rinishidagi oltin quyma narxi 2026 yilda 200 mln so‘mdan oshadi. Bu esa unga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi.
Vaziyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin.
So‘nggi voqealar fonida oltin narxi 2026 yilda ham barqaror ravishda o‘sishda davom etishini kutish mumkin.
Avvalroq, oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib investitsiya kiritish haqida ma’lumot berilgandi.
Teglar






