add

Oltin rekordda: unga qanday sarmoya qilsa bo‘ladi?

Bugun 21:342764 daqiqa

Bugun oltin narxi tarixiy rekordni yangilab, unsiyada 4 400 dollardan oshdi. O‘zbekistonliklar orasida oltinga qiziqish juda yuqori. Vaqt.uz oltinga qanday qilib sarmoya qilish, narxlar o‘zgarishi va kutilmalar haqida ma’lumot beradi.

Oltin rekordda: unga qanday sarmoya qilsa bo‘ladi?

2025 yil oltin uchun so‘nggi 50 yil ichida eng yaxshi yil bo‘ldi. Yil davomida qimmatbaho metal narxi bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. 

Yanvar oyida oltinning global narxi troya unsiyasida (28,3 gr) 2 650 dollar atrofida edi. Bugun narx tarixda birinchi marta 4 400 dollardan oshib, 4 420 dollargacha chiqdi.  

Tabiiyki, oltin O‘zbekistonda ham keskin qimmatladi. Mamlakatda oltin quymalariga talab oshdi va ularning narxi ham yil davomida o‘sishda davom etdi. 

Vaqt.uz oltin quymalari narxi o‘zgarishi, ularni qanday sotib olish va kutilmalar haqida ma’lumot beradi. 

1

finlit.uz

Markaziy bank oltin quymalari sotuvini 2020 yilda boshlagan. Dastlab 4 xil ko‘rinishdagi — 5 gr, 10 gr, 20 gr va 50 gr quymalar sotuvga chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yildan boshlab 100 gr ko‘rinishidagi quymalarning ham sotuvi yo‘lga qo‘yildi. 

Oltin quymalarini O‘zbekistonda asosan banklar sotadi. Ular Italiyaning “Certiline Srl.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan maxsus qadoqlarda muomalaga chiqariladi. Quyma va uning qadog‘i bir xil seriya raqamiga ega bo‘ladi.

Zargarlik do‘konlari ham o‘zlari ishlab chiqargan oltin quymalarini aholiga taklif qilib kelmoqda. Biroq, ko‘p hollarda banklardagi narx do‘kon va bozorlardagi narxdan pastroq bo‘ladi. 

2


fonon.uz 

Mamlakatdagi hamma bank ham oltin quymalarini sotavermaydi. Qaysi bankdan quyma sotib olish mumkinligini Markaziy bankning rasmiy saytidan bilib olish mumkin — https://cbu.uz/oz/banknotes-coins/gold-bars/balance/.

Sayt orqali foydalanuvchilar o‘zlariga yaqin bankda qancha oltin quyma borligini bilish imkoniyatiga ega. Masalan, 18-dekabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha “Xalq banki”ning Yakkasaroy filialida eng ko‘p quyma bor. 

Narxlarni qanday bilish mumkin? 

Albatta, oltin quyma sotib olgach, uni narxlarini ham doimiy kuzatib borish kerak. Bu avval ancha qulayroq edi — Markaziy bank rasmiy Telegram kanalida narxlarni kunlik e’lon qilib borardi. Hozirda narxlarning bilish uchun rasmiy saytga kirish kerak — https://cbu.uz/uz/banknotes-coins/gold-bars/prices/. Ma’lumotlar kun davomida o‘zgarishi mumkin. 

3


22-dekabr holati bo‘yicha, oltin quymaning 5 gr ko‘rinishidagisi 8,7 mln so‘mdan, 100 gr ko‘rinishidagisi esa 174,4 mln so‘mdan sotilmoqda.

Banklardan oltin quymalarni Markaziy bankning rasmiy saytida ko‘rsatilgan narxda sotib olish mumkin. Biroq, qaytarib sotishda banklar o‘sha kungi belgilangan narxdan 1-4 foiz atrofida komissiya ushlab qoladi. 

Oltin quymani qimmatroq sotish uchun himoya qadog‘ini ehtiyot qilish kerak. Qadoq buzilgan yoki texnik talablarga javob bermagan hollarda banklar quymani ekspertizadan o‘tkazadi va arzonroq narxda sotib oladi. 

Onlayn oltin sotib olish

O‘zbekistonda oltinni onlayn sotib olish imkoniyati ham bor. Bahorda “Milliy bank” birinchilardan bo‘lib, mobil ilova orqali sarmoya qilish mumkin bo‘lgan “Oltin omonat”ni ishga tushirgandi

Keyinchalik Paynet “Xalq banki” bilan birgalikda oltin quymalarining onlayn sotuvini yo‘lga qo‘ydi. Bunda asosiy qulaylik — quymani sotib olib, bankda xavfsiz saqlash. 

4

Paynet ilovasi

Oltin quymalari oflayn tarzda sotib olinganda, ularni saqlash qo‘shimcha xarajat talab qilishi mumkin. Masalan, xavfsizlik maqsadida bank yacheykalaridan foydalanish uchun to‘lov amalga oshirish kerak. 

Bundan tashqari, boshqa bir nechta banklar ham oltinga onlayn sarmoya kiritish imkoniyatini yaratmoqda. 

Oltin quymalarini xorijga olib chiqish mumkinmi? 

Jismoniy shaxslar oltin quymalarni sertifikati bilan birga chet elga to‘siqlarsiz olib chiqishi mumkin. Bunda quymalar narxi qonunchilik tomonidan begilangan miqdor — 5 000 dollardan oshgan taqdirda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilishi kerak. 

1-noyabrdan boshlab deklaratsiyasini mobil ilova orqali onlayn to‘ldirish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun “Yo‘lovchi-deklaratsiyasi” mobil ilovasidan foydalanish kerak. 

2025 yil — oltin yili 

Bu yil oltin egalari uchun juda muvaffaqiyatli yilga aylandi. Oltinning global narxi yil boshidan beri 66-67 foizga oshdi. Oltin quyma sotib olgan o‘zbekistonliklar ham yaxshigina daromad ko‘rdi. 

5


Markaziy bank

Masalan, Markaziy bank yanvar oyida 100 gr ko‘rinishidagi oltin quymalarni 116,6 mln so‘m narx bilan sotuvga chiqargandi. Ayni paytda narx qariyb 60 mln so‘mga o‘sgan. 

Oltinni zargarlik buyumlari sifatida sotib olganlar ham hozirda uni yaxshigina foyda bilan sotishlari mumkin. 

Yuqori narxlar fonida 2025 yilda o‘zbekistonliklar orasida oltinga qiziqish keskin oshdi. So‘nggi ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 9 oy ichida mamlakat aholisi 380 kg oltin quyma sotib olgan. Bu esa butun boshli 2024 yilga nisbatan 61 foizga ko‘proq. 

2026 yil narx qanday bo‘ladi? 

Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonida 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilari keyingi yil oxirida oltinni 5 200—5 300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. Goldman Sachs prognozi esa 4 900 dollar atrofida

Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 100 gr ko‘rinishidagi oltin quyma narxi 2026 yilda 200 mln so‘mdan oshadi. Bu esa unga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. 

Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi. Vaziyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin. 

Bunga sabab prognozlar o‘z nomi bilan kutilma bo‘lib, doim ham amalga oshavermaydi. Masalan, Goldman Sachs 2025 yil avvalida oltinni 2026 yildagina unsiyada 3 000 dollarlik marrani kesib o‘tishini prognoz qilgandi

Amalda esa oltin narxlari keyingi uch oy ichida 3 000 dollardan oshdi. Goldman Sachs ancha ishonchli va nufuzli tashkilot bo‘lsada, bozordagi vaziyat qanday rivojlanishini, narxlar qanday o‘zgarishini tahmin qilolmadi va bu tabiiy jarayon. 

Oltin uzoq muddatli investitsiya sifatida barqaror va ishonchli hisoblanadi. Shu sababli oltinga sarmoya qilinayotganda qisqa muddatga emas, bir necha yilga mo‘ljallab foydani kutish tavsiya qilinadi.


Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 8

Barchasi

Mavzuga oid