add

Oltinning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni — tahlil

Bugun 18:302834 daqiqa

Oltin O‘zbekiston eksportining doimiy ravishda kamida 30-40 foizini tashkil qilib keladi. Uning narxi o‘zgarishi mamlakat byudjetiga, inflatsiya va milliy valyutaga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Oltinning iqtisodiyotimiz uchun qanchalik muhimligi haqida Vaqt.uz tahlilida o‘qing.

Oltinning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni — tahlil

2026 yilgi davlat byudjetining 20 foizdan oshig‘ini Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) to‘ldirishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025 yil 17,7 foiz, 2024 yil 12,4 foiz bo‘lishi prognoz qilingandi. 

Joriy yilda oltin narxi sezilarli oshib, bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Yil boshida qimmatbaho metallning global narxi unsiyada 2 650 dollar atrofida edi. Keyinchalik narx qariyb 4 400 dollargacha chiqdi, ayni paytda 4 200 dollar atrofida bo‘lib turibdi. 

Oltin qimmatlashi fonida, NKMKning 2025 yil birinchi yarmidagi sof foydasi 72 foizga o‘sib, 1,5 mlrd dollarni tashkil qildi

Qimmatbaho metall mamlakat aholisi orasida ham anchagina ommalashdi. 19-sentabr holatiga ko‘ra, 2025 yilda o‘zbekistonliklar 380 kg oltin quyma sotib olgan. Bu esa butun boshli 2024 yilga nisbatan 61 foizga ko‘proq. 

oltin 001

2020 yildan beri o‘lchovli quymalar savdosi 8,8 barobarga, ularni sotib olgan xaridorlar soni esa 7,2 barobarga oshdi. 

Oltin quymalariga talab bu darajada ko‘payishiga, albatta yuqori narxlar sabab bo‘ldi. Masalan, yil boshida 100 gr ko‘rinishidagi oltin quyma 116 mln so‘m narx bilan sotuvga chiqarilgandi. Shu bugunning o‘zida, 5-dekabr kuni bu quymaning narxi 166 mln so‘mga yaqin bo‘lib turibdi. 

Markaziy bank yaqinda 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatini taqdim qildi. Regulyator unda oltin narxi o‘zgarishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha kutilmalar bilan bo‘lishdi. 

Asosiy prognozlarga ko‘ra, oltin narxi 2026 yil so‘nggiga kelib unsiyada 4 000 dollar atrofida bo‘ladi. Shundan so‘ng narx pasayishi kutilmoqda. 2028 yilga kelib oltin 3 400 dollargacha arzonlashi mumkin. 

Biroq, kutilmalar doim ham o‘zini oqlayvermaydi. Masalan, yil boshida Goldman Sachs oltin narxi 2025 yilda emas, 2026 yilda 3 000 dollarlik marrani kesib o‘tadi deya prognoz qilgandi. Amalda esa oltin 3 oyga qolmasdan 3 000 dollardan oshib, keyinchalik qariyb 4 400 dollargacha qimmatladi. 

Shu sababli Markaziy bank asosiy ssenariydan tashqari oltin narxlarining keskin ko‘tarilishi va pasayishi iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini ko‘rib chiqdi.

Oltin narxining keskin oshishi 

2025 yilda geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar, savdo kelishmovchiliklari, AQSH dollarining zaiflashuvi fonida xavfsiz aktiv sifatida oltinga talab yuqori shakllandi. 

Shuningdek, markaziy banklar ham o‘z zaxiralarida oltinning ulushini sezilarli oshirib, o‘z aktivlarini diversifikatsiya qilmoqda. Kelgusi yillarda ham joriy noaniqliklar yanada kuchayib, oltinga talab yuqori darajada qolishi bo‘yicha ehtimollar mavjud. 

Mazkur omillar fonida oltin narxining o‘sish sur’atlari asosiy ssenariyga nisbatan yuqori shakllanib, 5 000-5 500 dollargacha yetishi mumkin.

oltin 002

Ushbu shok yuz berganda, byudjetning oltin ishlab chiqarishdan oladigan daromadlari ortib, yalpi talab kengayishiga xizmat qiladi. Bu esa, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, inflyatsion bosimlarni kuchaytiradi. 

Shunga qaramay, oltin eksporti hisobidan ichki valuta bozorida taklif ko‘payishi so‘m mustahkamlanishiga turtki berib, import inflyatsiyasini pasaytiradi. Bu esa inflatsiya asosiy ssenariyga nisbatan 0,1-0,2 foizga pasayishiga va iqtisodiyot 0,3-0,5 foizga yuqorilashiga olib keladi.

Markaziy bank mazkur shok yuz berganda pul-kredit sharoitlarini asosiy ssenariyga mos amalga oshiradi. Bu 5 foizlik inflatsiya targetiga tezroq yetib kelish imkonini beradi. 

Oltin narxining keskin pasayishi 

So‘nggi yillarda oltin narxlarida o‘zgaruvchanlik kuzatilib, umuman olganda yuqori o‘suvchi tendensiya namoyon bo‘lmoqda. 

Shu bilan birga, oltin narxiga qisqa muddatli va barqaror bo‘lmagan omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunga siyosiy bayonotlarga tezkor javob harakatlari, kutilmagan yangiliklar hamda boshqa aktivlardagi qisqa muddatli tebranishlar misol bo‘ladi. 

Kelgusida geosiyosiy ziddiyatlarning barham topishi, rivojlanayotgan davlatlarda investitsion muhitning sezilarli yaxshilanishi fonida oltin narxining asosiy ssenariyga nisbatan keskin pasayishi ehtimoli bor. Bunda narx unsiyada 2 500-2 700 dollargacha tushishi mumkin.

oltin 003

Bu esa budjet daromadlarini sezilarli kamaytirib, budjet taqchilligini oshiradi. Taqchillikni qoplash uchun mamlakat xarajatlarni kamaytirishi yoki ko‘proq qarz olishiga to‘g‘ri keladi. 

Arzon narx oltin eksportidan tushumlar qisqarishiga ham sabab bo‘ladi. Natijada ichki valuta bozorida taklif kamayib, so‘mga bosim kuchayadi. 

Bu, o‘z navbatida, import inflyatsiyasi oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu shok ta’sirida inflatsiya asosiy ssenariyga nisbatan 0,5-0,6 foizga oshishi va iqtisodiyot 0,25-0,35 foizga pasayishi ehtimoli bor. 

Markaziy bank mazkur shok yuz berganda pul-kredit sharoitlarini asosiy ssenariyga nisbatan kechroq yumshatish fazasiga o‘tishi lozim bo‘ladi.

Bunda regulyator tomonidan asosiy stavkani (ayni paytda 14 foiz) pasaytirish kechiktirilishi, hatto oshirilishi ham mumkin. 

Ko‘rib turganingizdek, oltin narxi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ancha muhim ahamiyatga ega. Mamlakat eksportining teng yarmi oltin hisobiga shakllangan paytlar ham bo‘lgan. 

Hukumat eng yirik soliq to‘lovchi kompaniya NKMKning IPO’sini 2026 yil boshiga reja qilayotgan edi. Biroq, rasmiylar IPO ortidan davlat budjetiga kelib tushayotgan katta miqdordagi daromadlar kamayishidan havotirda va jarayonni yana biroz surmoqchi

Shunga qaramay, 2025 yilda bir necha bor rekord darajaga chiqqan oltin narxlari mamlakat uchun foydali bo‘ldi. Qimmat oltin hukumat uchun ancha yillardan beri birinchi marta budjet taqchilligini yil boshida kutilganidek 3 foiz bilan yopishga yordam bermoqda.

Fozil Qambarov tayyorladi

Mavzuga oid