O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish uchun qancha mablag‘ sarflangani ma’lum qilindi
Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga olishning onlayn shakli xarajatlarni o‘n barobar kamaytirgan.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda ilk bor zamonaviy usulda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish jarayoniga jami 56,4 milliard so‘m (4,7 million dollar) sarflandi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish jarayonida bir nafar fuqaroga to‘g‘ri kelgan o‘rtacha xarajat 0,12 AQSH dollarini tashkil qilgan. Barcha xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplangan bo‘lib, bu mablag‘larga xalqaro tashkilotlar grantlari yoki xayriya yordamlari kiritilmagan.
Behzod Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, umumiy xarajatlarning 90–95 foizi «mahalla yettiligi» xodimlarining mehnat haqiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlar tomonidan komputer va planshetlar kabi texnik vositalar xayriya tariqasida taqdim etilgan.
Onlayn format xarajatlarni qisqartirgan
Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, aholining taxminan 82 foizi onlayn shaklda ro‘yxatdan o‘tgani jarayon xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirgan.
«Dastlab aholining 20 foizi internet orqali ro‘yxatdan o‘tadi, qolgan 80 foizining ma’lumotlari uyma-uy yurib yig‘iladi, deb rejalashtirilgan edi. Ammo amalda internet orqali ishtirok etganlar ulushi 82 foizga yetdi. Natijada bir kishini ro‘yxatga olish xarajati atigi 0,12 dollar, ya’ni qariyb 1 444 so‘mni tashkil etdi», — dedi Behzod Hamroyev.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar ro‘yxatga olish to‘liq an’anaviy usulda amalga oshirilganida, umumiy xarajatlar kamida o‘n barobar ko‘paygan bo‘lardi. Bu holda bir kishi uchun sarflanadigan mablag‘ 1 AQSH dollaridan oshishi, qo‘shimcha ravishda «mahalla yettiligi» xodimlariga tushadigan yuklama ortib, ularning ish haqi va transport xarajatlari ham sezilarli ko‘payishi mumkin edi.
Ma’lumotlar ochiq bo‘ladi
Behzod Hamroyev ro‘yxatga olish natijalari bosqichma-bosqich Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy saytida e’lon qilinishi, ushbu ma’lumotlar tadqiqotchilar va dasturchilar uchun ochiq ma’lumotlar bazasi vazifasini bajarishini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, e’lon qilinadigan ma’lumotlar faqat umumlashtirilgan va shaxsi aniqlanmaydigan ko‘rinishda bo‘ladi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, aholini ro‘yxatga olish joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda fuqarolar maxsus onlayn platforma orqali ishtirok etgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda «mahalla yettiligi» xodimlari planshetlar yordamida uyma-uy yurib ma’lumot to‘pladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholi soni 39 047 321 nafarga yetganligi haqida xabar berilgandi.





