
O‘zbekiston tarixida ilk bor: aholini to‘liq ro‘yxatga olish nimani o‘zgartiradi?
37 yil davomida turli sabablar bilan ortga surib kelingan aholini ro‘yxatga olish jarayoni nihoyat boshlandi. Vaqt.uz tadbirga qancha mablag‘ sarflangani, tarixda aholini ro‘yxatga olish qanday o‘tgani va kechikishlarga nima sabab bo‘lganini tahlil qildi.
© Foto: SI yordamida tayyorlangan 15-yanvardan O‘zbekiston tarixida ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligini to‘liq ro‘yxatga olish jarayoni boshlandi. Ushbu tadbir ikki bosqichda amalga oshirilmoqda: 31-yanvargacha fuqarolar o‘zlari va oila a’zolari haqidagi ma’lumotlarni onlayn tarzda mustaqil to‘ldirishi mumkin. Ikkinchi bosqich esa 4–28-fevral kunlari o‘tkaziladi. Bu tartib 2024 yil 4-mart kuni Prezident tomonidan imzolangan qarorda belgilab qo‘yilgan.
Ro‘yxatga olishning mazmuni va «nozik vaqt» tamoyili
Davlat statistika organlari ma’lumotiga ko‘ra, so‘rovnomalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan. Xususan, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda jami 71 ta savol shakllantirilgan. Shundan 54 tasi aholiga, 17 tasi esa qishloq xo‘jaligiga taalluqlidir.
Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davom etsa-da, ma’lumotlar aniq bir vaqt kesimiga — odatda birinchi kun soat 00:00 holatiga nisbatan qayd etiladi. Bu «aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti» deb ataladi. Ushbu tamoyilga ko‘ra, belgilangan vaqtdan keyin tug‘ilgan chaqaloqlar ro‘yxatga kiritilmaydi, aksincha, shu vaqtda tirik bo‘lib, keyinchalik vafot etgan shaxslar hisobga olinadi. Bu demografik ma’lumotlarning aniqligi uchun muhim hisoblanadi.
Ro‘yxatga olish natijasida 38 million aholiga oid yosh tarkibi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi hamda daromad manbalari bo‘yicha yagona va yaxlit ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Ma’lumot uchun, 16-yanvar kuni, soat 9:30 holatiga ko‘ra, jami xonadonlarning 8 foizi onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. «Birinchi kun effekti» yuzaga kelib, 15-yanvar kuni platformada ayrim texnik qiyinchiliklar kuzatilgan bo‘lsa-da, hozirda sayt barqaror ishlamoqda, deyiladi xabarda.
Jahonda bu qanday yo‘lga qo‘yilgan?
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi tavsiyasiga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish har 10 yilda bir marta o‘tkazilishi lozim. O‘zbekiston shu paytgacha aholini ro‘yxatga olishning kamida uch bosqichini o‘tkazib yuborgan va dunyoda bunday holat qayd etilgan to‘rt davlat qatoriga kirgan edi. Bugungi kunda ushbu ro‘yxatda Afg‘oniston (so‘nggi aholini ro‘yxatga olish 1979 yilda), Livan (1932 yilda) hamda Somali (oxirgi e’lon qilingan ma’lumotlar 1975 yilga tegishli, 1986 yilda o‘tkazilgan ro‘yxat natijalari esa e’lon qilinmagan) qolmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston mustaqillikdan so‘ng aholini ro‘yxatga olmagan yagona postsovet davlati bo‘lib kelgan. Taqqoslash uchun, Qozog‘iston bu jarayonni uch marta — 1999, 2009 va 2021 yillarda amalga oshirgan. Qirg‘izistonda aholi ikki bor (1999 va 2009 yillarda), Tojikistonda ham ikki marta (2000 va 2010 yillarda), Turkmanistonda esa 1995 va 2012 yillarda ro‘yxatga olingan. O‘zbekistonda esa aholini ro‘yxatga olish faqat mustaqillikdan avval — 1897, 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda o‘tkazilgan.
Harakatlar: CSSR davrida va mustaqillikdan keyingi jarayon
Sovet davri tajribasi. Gazeta.uz nashri bundan bir asr avval aholini ro‘yxatga olishga doir arxiv ma’lumotlarni topgan. Unga ko‘ra, SCSR davrida O‘zbekiston hududida bir necha bor aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilgan. Ular ichida 1926 yilgi ro‘yxat alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u milliy-hududiy chegaralanishdan keyin o‘tkazilgan ilk to‘liq ro‘yxat hisoblanadi. Biroq bu jarayon qator qiyinchiliklar bilan kechgan: savodxonlik darajasi past bo‘lgan, yo‘lsiz va tog‘li hududlarda ro‘yxatga olish kechikkan, ma’lumotlar esa asosan aholining og‘zaki javoblari asosida yig‘ilgan.
Muhimi, o‘sha davrda ham hujjatlar orqali tekshirish amaliyoti qo‘llanilmagan. Respondentlarning aniq yoshini aniqlashning iloji bo‘lmagan. Chunki mahalliy musulmon aholisi 12 yillik davriy yil hisobidan foydalangan. Bu haqda yosh, millat, ona tili va savodxonlik bo‘yicha savollarga javoblarni to‘ldirish va tahlil qilish bo‘yicha yo‘riqnomada (XV jild) aytiladi. Bu usul faqat respondentning taxminiy yoshini hisoblash imkonini bergan, lekin bu mumkin bo‘lgan yagona usul edi.
Millat masalasida ham qiziq jihatlar bor. Masalan, agar respondent o‘zini «sart» millatiga mansub deb hisoblasa, uni o‘zbeklarga kiritishgan. Vaholanki, bu atama O‘rta Osiyo aholisi tomonidan o‘troq turklar va o‘zbeklarga nisbatan qo‘llanilgan. 1897 yilgi Rossiya aholini ro‘yxatga olishda sartlarni alohida etnos sifatida ajratishga harakat qilingan, sovet davrida esa ular o‘zbek xalqiga qo‘shilib ketgan.
O‘zSSR umumiy aholisini hisoblashda sovet respublikasining shahar va qishloqlaridagi doimiy va vaqtinchalik aholi hisobga olingan. Aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston SSR aholisining umumiy soni, Tojikiston ASSR hamda keyinchalik Qirg‘iziston SSR tarkibiga kirgan va bugungi kunda Qirg‘iziston hududida joylashgan Isfana tumanini hisobga olgan holda, 5,2 milliondan ortiq kishini tashkil etgan.
Aholisi eng ko‘p bo‘lgan okrug Andijon okrugi bo‘lgan. Uning qishloqlarida 600 mingdan ortiq, shaharlarida esa 183 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan. Aholi eng zich joylashgan okrug Toshkent okrugi shaharlari bo‘lib, ularning umumiy aholisi 340 ming kishini tashkil etgan. Aholi eng kam yashaydigan okrug Surxondaryo okrugi bo‘lgan. Shahar aholisining umumiy soni 16,5 ming kishini, qishloq aholisi esa 186 ming kishini tashkil etgan.
Mustaqillikdan keyingi davr
Birinchi Prezident Islom Karimov davrida bu borada hech qanday ishlar amalga oshirilmagan. Shavkat Mirziyoyev rahbarlikka saylangach, aholini ro‘yxatga olish ahamiyati bo‘yicha rasmiy bayonotlar berila boshlandi. Xususan, 2019 yil 5-fevralda «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni, 2020 yil 16-martda esa «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Unda aholini har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har yili ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan. Ammo qonunda ko‘rsatilgan asosiy vazifa haligacha amalga oshmadi.
Dastlabki rejaning amalga oshmaganiga pandemiya sabab qilib keltirildi. 2022 yilga belgilangan tadbir Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2023 yilning 1–25-noyabrida o‘tkazilishi belgilangan edi. Biroq pandemiya tugaganiga qaramay, bu tadbir 2023 yilda ham amalga oshirilmadi. Bunga sabab qilib Davlat statistika agentligi to‘laqonli ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vaqt talab qilishini ko‘rsatdi.
2024 yil mart oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida statistika agentligi rasmiysi aholini ro‘yxatga olish endi 2025–2026 yillarga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Yig‘ilishda shu paytgacha ro‘yxatga olish amalga oshmaganiga yetarlicha mablag‘ yo‘qligi sabab bo‘lgani aytildi.
Jarayonga qancha pul sarflandi?
Statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdursulovning ta’kidlashicha, ro‘yxatga olish tadbirlariga davlat budjeti hisobidan 140–150 mlrd so‘m atrofida mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
«Tadbir davomida qandaydir qo‘shimcha o‘zgarishlar yoki moliyaviy resurslar jalb qilinishi hisobiga hozircha 140–150 milliard so‘m atrofida mablag‘ sarflash rejalashtirilgan, bu aniq bir summa emas. Mazkur mablag‘ning asosiy qismi jarayonda ishtirok etgan «mahalla yettiligi» vakillarini mukofotlashga ketadigan xarajatlar hisoblanadi. Ular amalda olayotgan maoshidan tashqari, qo‘shimcha ravishda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,5 barobarida bir martalik rag‘batlantiriladi. Bu Prezident qarorida qayd etilgan. Aslida, bunday tajriba butun dunyoda mavjud. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, registratorlarni moddiy rag‘batlantirish ma’lumotlarning sifatli bo‘lishini ta’minlaydi», — dedi u.
2022 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish uchun davlat budjeti hisobidan Statistika agentligiga 59,2 mlrd so‘m ajratilgan. Mablag‘lar hududiy xaritalarni yaratishda ishtirok etgan 6 mingdan ortiq xodimning mehnatiga haq to‘lash uchun yo‘naltirilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, 2022 yilda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi statistika tizimini modernizatsiya qilish uchun mamlakatga 50 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratilishini ma’lum qilgan. Ushbu loyihaning tarkibiy qismlaridan biri ma’lumotlarni yig‘ish usullari va standartlarini takomillashtirishga qaratilgan.
2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik uchun respublika budjeti hisobidan 10 mlrd so‘m ajratilgan. 2024 yilda esa ushbu jarayon bo‘yicha Statistika agentligiga atigi 18 mlrd so‘m rejalashtirilgan. Holbuki, aholini ro‘yxatga olishga jalb etilgan qariyb 70 ming xodim mehnatiga haq to‘lash hamda 54 mingta planshet xaridi uchun 800 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi.
Ro‘yxatga olish nega muhim?
Aholini ro‘yxatga olish faqat nechta odam yashashini bilish uchun emas, balki mamlakatda qanday aholi borligini tushunish uchun ham zarur. Kimlar ishlayapti, kimlar ishsiz, daromad manbalari qanday, qaysi qatlamlar yordamga muhtoj — bunday ma’lumotlarsiz to‘g‘ri qaror qabul qilish qiyin.
Aniq va ishonchli ma’lumotlar bo‘lmasa, davlat resurslari qayerga va qanday sarflanayotgani ham noaniq bo‘lib qoladi. Natijada ayrim muammolar boridan kamroq ko‘rsatilishi, mas’uliyat esa yo‘qolishi mumkin. Bu esa mamlakat rivojiga salbiy ta’sir qiladi.
Ro‘yxatga olish orqali to‘plangan ma’lumotlar asosida kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy dasturlarni real holatga moslab ishlab chiqish mumkin. Oddiy qilib aytganda, aholini ro‘yxatga olish — davlat qarorlari hayotga mos bo‘lishi uchun kerak.
Teglar






