Logo

Beeline Uzbekistan egasi Perfectum loyihasiga 200 mln dollar kiritishi mumkin

Бугун 14:364 дақиқа

Perfectum investori Farhod Mamajonov investitsiya bitimini imzolash uchun hozircha Raqobat qo‘mitasi xulosasi kutilayotganini ma’lum qildi.

Beeline Uzbekistan egasi Perfectum loyihasiga 200 mln dollar kiritishi mumkin © o'zbekiston 24

Tadbirkor Farhod Mamajonov O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga 200 million dollar investitsiya jalb qilish bo‘yicha VEON xalqaro telekommunikatsiya xoldingi bilan kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi. Bu haqda u 18-avgust kuni Xorazm viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan tadbirkorlar uchrashuvida aytdi.

Farhod Mamajonov — InfinBank’ning eng yirik aksiyadori hamda Perfectum mobil operatorining investorlaridan biri.

Vodafone o‘rniga VEON

Tadbirkorning aytishicha, u taxminan ikki yil avval Qoraqalpog‘istonda prezident bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Britaniyaning Vodafone kompaniyasini O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga jalb qilish rejalari haqida ma’lumot bergan.

Biroq keyinchalik loyiha bo‘yicha hamkor sifatida Vodafone emas, Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan VEON kompaniyasi bilan ishlashga qaror qilingan.

«Bir yoki ikki yil oldin Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvda sizga Vodafone’ni jalb qilish rejalari haqida xabar bergan edim. Biroq buning o‘rniga biz Niderlandiyaning VEON kompaniyasi bilan ishlashni boshladik», — dedi Mamajonov.

VEON xalqaro telekommunikatsiya xoldingi bo‘lib, uning tarkibiga O‘zbekistondagi Beeline Uzbekistan ham kiradi. Beeline Uzbekistan VEON UZB Holding Ltd orqali VEON guruhiga tegishli.

Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar iyun oyidayoq asosiy kelishuvlarga erishgan va VEON 200 million dollarlik investitsiya jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor.

Ammo buning uchun avval Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha xulosasi olinishi kerak.

«Hozir bitta masala qolmoqda. Iyun oyida biz barcha kelishuvlarga erishdik, ular 200 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor. Bizga Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasini olishda yordam kerak», — dedi tadbirkor.

Qo‘mita xulosasi tadbirkorlar kunigacha berilishi mumkin

Shundan so‘ng prezident uchrashuvda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi vakili ishtirok etayotgani bilan qiziqdi.

Qo‘mita raisi Halilulla To‘raxo‘jayevning ma’lum qilishicha, 24-iyul kuni iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushgan.

Hozirda qo‘mita mobil aloqa bozorini o‘rganmoqda. Qo‘mita rahbarining aytishicha, ayrim masalalar ishlab chiqilgach, agar qo‘shimcha to‘siqlar yuzaga kelmasa, tadbirkorlar kunigacha tegishli xulosa berilishi mumkin.

«Hozirda biz mobil aloqa bozorini o‘rganyapmiz. Bir-ikkita jihatni ishlab chiqish qoldi. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, tadbirkorlar kunigacha xulosa beramiz», — dedi Halilulla To‘raxo‘jayev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalani shaxsan nazoratga olishini ma’lum qildi.

«Yaxshi, Farhod, bu masalani o‘zim nazoratga olaman», — dedi davlat rahbari.

Mamajonov Perfectum’ning 50 foiz ulushini sotib olgan

Farhod Mamadjonov telekommunikatsiya bozoridagi ishtirokini bundan avval ham kengaytirgan.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi 16-iyul kuni uning Perfectum mobil operatorining yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MCHJ ustav kapitalidagi 50 foizlik ulushni sotib olish bo‘yicha talabnomasini ma’qullagan edi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, bitimdan avval kompaniyaning:

●     50 foizi Abdumalik Iminovga;

●     37,5 foizi IMC-Capital MCHJga;

●     12,5 foizi Kamron Akbarovga tegishli bo‘lgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 304,62 milliard so‘mni tashkil etgan. Bitimdan so‘ng esa u 572,4 milliard so‘mga yetgan.

Hozirgi vaqtda Rubicon Wireless Communication muassislari orasida:

●     Farhod Mamajonov — 50 foiz;

●     IMC-Capital — 41,23 foiz;

●     Kamron Akbarov — 8,77 foiz ulushga ega.

Perfectum 2024-yilning boshida to‘liq xususiylashtirilgandi. Biroq kompaniya ulushlarining sotilishi haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.

O‘sha vaqtda operatorning 100 foizlik ulushi Abdumalik Iminovga tegishli bo‘lgan. Keyinchalik muassislar tarkibiga IMC-Capital va Kamron Akbarov kirib, Iminovning ulushi 50 foizgacha kamaygan.

Avval 250 million yevrolik Vodafone loyihasi rejalashtirilgandi

Farhod Mamajonov 2024-yilning avgust oyida prezident bilan Nukusda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda 5G Standalone mobil aloqa tarmog‘ini ishga tushirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.

O‘shanda loyiha qiymati 250 million yevro etib baholangan. Loyihani 2025-yilning birinchi choragida ishga tushirish va qariyb 1000 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgandi.

Loyiha doirasida uskuna va texnologiyalarni Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi yetkazib berishi kerak edi.

Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, investitsiyaning 100 million yevrosi Finlyandiya eksport agentligi ko‘magida «O‘zsanoatqurilishbank» orqali, yana 150 million yevrosi esa muassislar mablag‘lari hisobidan jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Farhod Mamajonov kim?

Farhod Mamajonov O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlardan biri hisoblanadi. U «Infinbank»ning asosiy aksiyadori bo‘lib, bankning 44,67 foiz ulushiga egalik qiladi. Bankning qolgan aksiyalari «PRESTIJ RIELT» MCHJ (25,2 foiz), Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (20,83 foiz), «Azia Trans Terminal» MCHJ (6,45 foiz) va Parviz Abdusamatovga (2,85 foiz) tegishli.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi to‘liq davlatga tegishli bo‘lib, 2025-yilda «Infinbank»ning 15 foizini sotib olgandi. Keyinchalik kompaniya bankdagi ulushini 19 foizdan ko‘proqqa oshirdi. Dekabr oyiga kelib esa kompaniyaning bankdagi ulushi 23 foizga yetdi.

Bundan tashqari, u «Uztex Tashkent» to‘qimachilik korxonasi, «Azia Trans Terminal» logistika kompaniyasi, «Rakat Plaza» biznes markazi, «Sofa Marva Tour» turizm kompaniyasi hamda «Terassa» MCHJda ham ulushga ega.

2026-yilning 7-may kuni u «Safo Airlines» nomli yangi aviakompaniyani ham tashkil etgan. Ustav kapitali — 2,5 mlrd so‘m. Yangi aviakompaniyaning 60 foiz ulushi Farhod Mamajonovga, 30 foizi Mixail Alenkinga, 10 foizi Avazjon Toshpo‘latovga tegishli.

Raqobat qo‘mitasi roziligidan so‘ng u Perfectum mobil aloqa operatoriga egalik qiluvchi «Rubicon Wireless Communication» MCHJning 50 foiz ulushini sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид