«Infinbank»ning asosiy aksiyadori Farhod Mamajonov Perfectum'ning 50 foiz ulushini sotib oladi
Raqobat qo‘mitasi tadbirkor Farhod Mamajonovning Perfectum mobil operatoriga egalik qiluvchi kompaniyaning 50 foiz ulushini sotib olishiga rozilik berdi.
© yadex mapsRaqobat qo‘mitasi tadbirkor Farhod Mamatdjanovning «Rubicon Wireless Communication» MCHJ ustav kapitalidagi 50 foiz ulushni sotib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimini ko‘rib chiqdi.
Kompaniya «Perfectum» savdo belgisi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatadi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, bitim tovar bozoridagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan.
Shu asosda ariza qanoatlantirilib, «Rubicon Wireless Communication» MCHJning 50 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berish haqida qaror qabul qilindi.
Farhod Mamajonov kim?
Farhod Mamajonov O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlardan biri hisoblanadi. U «Infinbank»ning asosiy aksiyadori bo‘lib, bankning 44,67 foiz ulushiga egalik qiladi. Bankning qolgan aksiyalari «Prestij Riyelt» MCHJ (25,2 foiz), Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (20,83 foiz), «Azia Trans Terminal» MCHJ (6,45 foiz) va Parviz Abdusamatovga (2,85 foiz) tegishli.
Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi to‘liq davlatga tegishli bo‘lib, 2025 yilda «Infinbank»ning 15 foizini sotib olgandi. Keyinchalik kompaniya bankdagi ulushini 19 foizdan ko‘proqqa oshirdi. Dekabr oyiga kelib esa kompaniyaning bankdagi ulushi 23 foizga yetdi.
Bundan tashqari, u «Uztex Tashkent» to‘qimachilik korxonasi, «Azia Trans Terminal» logistika kompaniyasi, «Rakat Plaza» biznes markazi, «Sofa Marva Tour» turizm kompaniyasi hamda «Terassa» MCHJda ham ulushga ega.
2026 yilning 7-may kuni u «Safo Airlines» nomli yangi aviakompaniyani ham tashkil etgan. Ustav kapitali — 2,5 mlrd so‘m. Yangi aviakompaniyaning 60 foiz ulushi Farhod Mamajonovga, 30 foizi Mixahl Alenkinga, 10 foizi Avazjon Tashpo‘latovga tegishli.
Raqobat qo‘mitasi roziligidan so‘ng u Perfectum mobil aloqa operatoriga egalik qiluvchi «Rubicon Wireless Communication» MCHJning 50 foiz ulushini sotib olishi mumkin bo‘ladi.




