Logo

«Hamma o‘zidan zaifga kuchini ko‘rsatgisi keladi» — kurer bilan mojaro ortidagi muammolar

So‘nggi paytlarda kurerlar bilan bog‘liq mojarolar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan mavzulardan biriga aylandi. Yetkazib berish xizmati xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi tortishuvlar, ularga nisbatan qo‘pol muomala va moped hamda skuterlarning yo‘llarda harakatlanishi xizmat ortida turgan muammolarni ham ko‘rsatmoqda.

«Hamma o‘zidan zaifga kuchini ko‘rsatgisi keladi» — kurer bilan mojaro ortidagi muammolar

Yaqinda Toshkentning Yunusobod tumanida 20 yoshli kurer bilan ko‘p qavatli uy qorovuli o‘rtasida mojaro yuz bergandi. Ish sudga oshirilib, 52 yoshli qorovul Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Toshkentning Mirobod tumanida ham kurer bilan restoran xodimi o‘rtasida mojaro yuz berdi. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, kurerlarga munosabat va piyodalar yo‘laklaridan foydalanish masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Voqea qanday bo‘lgandi?

2026-yil 17-oktabr kuni Mirobod tumanidagi Brasserie Park restorani oldida 17 yoshli kurer S.R bilan restoran xodimi M.Y o‘rtasida mojaro yuz berdi. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, katta rezonans oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, restoran oldidagi piyodalar yo‘lagiga stol-stullar qo‘yilgan. Kurer shu joydan skuterda o‘tish mumkinmi, deb ofitsiantdan so‘ragan. Ofitsiant unga yo‘lakdan yuraverishini aytgan. Biroq kurer harakatlanishni boshlaganida, boshqa xodim uni to‘xtatib, skuterdan tushishi va uni yetaklab o‘tishini talab qilgan.

Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida tortishuv boshlangan. Erkak kurerga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, uni so‘kkan va shapaloq urish bilan tahdid qilgan. Shuningdek, yigitga «Bu yerdan yo‘qol», deya dag‘dag‘a qilgan. Kurer esa buni to‘g‘ri tushuntirish mumkinligini aytib, uzr so‘ragan.

Videoda erkak kurerning skuterda piyodalar yo‘lagidan o‘tishiga qarshi chiqqani aks etgan.

Jamoatchilik faollari qanday fikrda?

Mojaro ijtimoiy tarmoqlarda kurerlarga munosabat, piyodalar yo‘laklaridan foydalanish va shahar infratuzilmasi yuzasidan turli fikrlarni keltirib chiqardi.

Jamoatchilik faoli Qobil Xidirov esa nizoga umumiyroq baho berib, kuchliroq odamning o‘zidan zaifga bosim o‘tkazishni tanqid qildi.

«Hamma o‘zidan zaifga kuchini ko‘rsatgisi keladi», — deya fikrini bildirgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov kurerlarga bo‘lgan munosabat tanqid qilinib, ularning turli vaziyatlarda aybdor sifatida ko‘rilishi haqida fikr bildirdi.

«Kurerlarga qanday munosabatda bo‘linyaptiki, ulardan hurmat kutish mumkin? O‘tirsa ham kurer aybdor, tursa ham kurer. Shilingan ham kurer, talangan ham kurer», — deya izoh qoldirgan.

Jamoatchilik faoli Laziz Hamidov kafe va restoranlarning piyodalar yo‘laklarini egallashi odamlar uchun noqulaylik tug‘dirayotganini ta’kidlaydi.

«Ko‘plab kafe va restoranlar piyodalar yo‘lagini og‘ir konstruksiyalar bilan o‘rab, odamlarni o‘z yo‘lidan yurishga ham hijolat qilmoqda. Piyodalar kafelarni aylanib o‘tishga majbur bo‘lmasligi kerak. Tashqi ayvonlar uchun yo‘lakni to‘smaydigan yengil konstruksiyalardan foydalanish lozim», — deydi Hamidov.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev  esa voqea ortidan muammoning keng muhokamaga chiqishi va jamoatchilik nazoratining ahamiyatiga e’tibor qaratgan.

«Davlat shu vaqtgacha ko‘rmagan yoki ko‘rishni istamagan muammoni bir kurer o‘zining bitta videosi bilan hal qilib berdi. Skuter mingan va kamerasi bor bir kurer bir necha o‘n million so‘m maosh oladigan minglab xodimlari bor davlat apparatidan samaraliroq va qudratliroq bo‘lib chiqdi. Kurerlar — kuch! Chinakam jamoatchilik nazorati — kuch! Ochiqlik va oshkoralik — kuch!» — deb yozadi u.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari kafelar yo‘laklarni egallashi piyodalarning xavfsizligiga tahdid solayotganini ta’kidlagan.

«Trotuarni egallab, to‘sib olgani uchun mashinalar g‘izillab o‘tib turgan katta yo‘lga chiqib, aylanib o‘tasan. Hokimiyat qanday qilib shunaqa narsalarni kurer olib chiqmaguncha ko‘rmaydi? Piyodalar, nogironlar aravachasidagilar va bolalar aravachasi bilan yurayotganlar hayoti xavf ostida qolishiga qanday ko‘z yumadi?» — deya izoh qoldirgan.

Yana bir tarmoq foydalanuvchilaridan biri restoran yo‘lakni egallagan bo‘lsa ham, bu skuterlarning piyodalar yo‘lagida yurishiga asos bo‘la olmasligini ta’kidlaydi.

«Yo‘lakni kim egallaganidan qat’i nazar, restoran o‘z hududi uchun javobgar, skuter esa avtomobil yo‘lidan boshqa joyda yurmasligi kerak», — deb yozadi u.

Kurerlar bilan bog‘liq mojarolar ularning shaharda harakatlanishi va buning uchun zarur sharoitlar masalasini ham ko‘tarmoqda. Xususan, 2026-yil 1-yanvardan A1 toifasidagi haydovchilik guvohnomasi talabi joriy etilgan bo‘lsa-da, ular uchun qulay sharoit yaratish masalasi ochiq qolmoqda. Vaqt.uz avvalroq ushbu mavzuni batafsil o‘rgangan edi.

Jamoatchilik faollari tomonidan bildirilgan fikrlarda kurerlarga munosabatdan tortib, piyodalar yo‘laklaridan foydalanish va jamoatchilik nazoratigacha bo‘lgan masalalar ko‘tarilgan. Ularning barchasi shahar ko‘chalarida odamlarning xavfsiz va erkin harakatlanishi uchun mas’uliyat kimning zimmasida ekani haqidagi muhokama bilan bog‘liq.

Piyodalar yo‘lagi piyodalarga qaytarildi

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarda piyodalar yo‘laklarining kafe va restoranlar tomonidan egallanishiga ham to‘xtaldi. Toshkent shahar hokimligi ham Mirobod tumanidagi «Moviy gumbazlar» xiyobonida yozgi maydoncha joylashtirilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi.

1

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Hokimlik xabariga ko‘ra, tekshiruv davomida hududdan foydalanish qoidalari buzilgani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan. Hudud qonunchilik talablariga muvofiq holga keltirilgan. Hokimlik e’lon qilgan suratlarda restoran stol-stullari piyodalar yo‘lagidan olib tashlanganini ko‘rish mumkin.

2

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

 

Rasmiy bayonotda piyodalarning erkin harakatlanishi va xavfsizligi muhimligi alohida ta’kidlangan. Hokimlik aholi hamda tadbirkorlar huquqlariga rioya etilishi, jamoat joylari esa piyodalar uchun ochiq qolishi kerakligini bildirgan.

3

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Shuningdek, aholi va tadbirkorlar huquqlariga rioya etish, belgilangan qoidalarga amal qilish hamda kelishmovchiliklarni o‘zaro hurmat asosida hal etishga chaqirgan.

Restoran xodimi kurerdan uzr so‘radi

Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan restoran xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan «mayda bezorilik» bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini bildirdi. To‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Shundan so‘ng restoran xodimi qilgan ishidan chin dildan pushaymon ekanini bildirib, kurerdan uzr so‘ragan.

Voqea jamoatchilik e’tiborini nafaqat kurerlarga bo‘lgan munosabatga, balki piyodalar yo‘laklaridan foydalanish va shaharda harakatlanish uchun yaratilgan sharoitlarga ham qaratdi.

Miroboddagi mojaro bir kurer bilan restoran xodimi o‘rtasidagi tortishuvdan ko‘ra ancha kengroq muammoni ochib berdi. Piyodalar uchun ajratilgan yo‘laklar qanchalik himoyalangan? Agar odamlar yo‘lakni egallagan stol-stullarni aylanib o‘tish uchun avtomobillar harakatlanayotgan yo‘lga chiqishga majbur bo‘lsa, bu shunchaki noqulaylik emas, balki xavfsizlik masalasidir.

Shahar ko‘chalari faqat avtomobillar va tadbirkorlar uchun emas. Piyodalar, jumladan, bolalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ham yo‘laklardan to‘siqlarsiz foydalanish huquqiga ega. Bu huquqni ta’minlash esa faqat fuqarolarning o‘zaro kelishuviga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak.

Hokimlik va mas’ul idoralar qoidabuzarliklarni mojaro yoki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan keyingina emas, muntazam nazorat orqali aniqlashi lozim. Piyodalar yo‘lagi o‘z vazifasini bajarishi, odamlar xavfsiz yurishi uchun ochiq bo‘lishi, undan hamma to‘siqlarsiz foydalanishi shart. Chunki shahar qulayligi kimningdir erkinligini buzish hisobiga ta’minlanmasligi kerak.

Теглар

null null

Zilola Xolto'rayevaМақолалар сони: 46

Барчаси

Мавзуга оид