NKMKda oltin ishlab chiqarish hajmi 2,2 foizga qisqardi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati joriy yilning birinchi choragida oltin ishlab chiqarishni kamaytirganiga qaramay, rekord darajadagi moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishdi.
© Photo: ngmk.uz«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» 2026 yilning birinchi choragi uchun operatsion natijalarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona oltin ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,19 foizga kamaytirgan. Joriy yilning yanvar va mart oylari oralig‘ida jami 737 ming troy unsiyasi miqdorida oltin qazib olingan.
Biroq, oltin hajmining pasayishi kombinatning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi, aksincha daromad keskin oshdi. Qimmatbaho metallning jahon bozoridagi narxi ko‘tarilishi hisobiga mahsulot ishlab chiqarish qiymati 58,3 foizga o‘sib, 44 trillion so‘mdan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning birinchi choragida 27,79 trillion so‘mni tashkil etgan edi.
Shuningdek, korxona investitsiya dasturi doirasida 110,5 million dollar mablag‘ o‘zlashtirib, salkam to‘qqiz yuzta yangi ish o‘rni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa hududdagi bandlik masalasini hal etishga xizmat qiladi. Kombinatning moliyaviy barqarorligi tashqi bozordagi kon’yunkturaga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Yirik investitsiya loyihalari
Joriy yilda korxonada bir nechta yirik strategik loyihalarni amalga oshirish davom ettirilmoqda. Xususan, «Muruntau» konini o‘zlashtirishning beshinchi navbati doirasida 48,6 million metr kubdan ortiq tog‘ massasi qazib olindi. U yerda konveyer liniyalari qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda.
Shuningdek,yettinchi gidrometallurgiya zavodining yillik quvvatini 25 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Hozirda muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari va maishiy binolar qurilishi yakunlanmoqda. Mazkur quvvatlar ishga tushgach, korxonaning eksport salohiyati yanada ortadi.
Eslatib o‘tamiz, Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yilda 98,2 tonna oltin ishlab chiqargan. Ishlab chiqarilgan oltinning umumiy qiymati 135,6 trln so‘mni, yoki taxminan 11,25 mlrd dollarni tashkil etgan.




