O‘zbekistonda 175 mln so‘mdan ortiq pul o‘tkazmalarni nazoratga olinadi
Shuningdek, voyaga yetmaganlar hisobiga 16,5 mln so‘mdan ortiq pul kelib tushsa yoki yechib olinsa, bu shubhali operatsiya sifatida baholanishi mumkin.
© statuzO‘zbekistonda banklar 175 million so‘mdan yuqori ayrim operatsiyalar bo‘yicha mijozlarni tekshirish talablarini kuchaytiradi. Adliya vazirligi 8-may kuni Markaziy bank boshqaruvi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tegishli qarorini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Unda FATF — jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi moliyaviy choralar ishlab chiqish guruhi tavsiyalari asosida yirik tranzaksiyalar ustidan monitoringni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, bank hisobvarag‘i ochmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalarda tekshiruv chegarasi amaldagi 206 million so‘mdan 175 million so‘mga tushirilmoqda. Bu summadan yuqori operatsiyalarda banklar mijozlarni “lozim darajada tekshirishi” shart bo‘ladi.
Shuningdek, 10,3 million (BHMning 25 baravari) so‘m va undan yuqori bo‘lgan ichki pul o‘tkazmalarida jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilinadi. Jumladan, jismoniy shaxslar uchun yashash manzili va tug‘ilgan sanasi, yuridik shaxslar uchun esa STIR ma’lumotlari ilova qilinishi kerak bo‘ladi. Ilgari bu talab faqat 12,6 million so‘mdan yuqori elektron o‘tkazmalar uchun amal qilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar hisobvarag‘ida 16,48 million so‘mdan ortiq mablag‘ harakati ikki ish kuni ichida shubhali operatsiya sifatida baholanadi.
“Shubhali” operatsiyalarga FATF'ning kuchaytirilgan monitoringi ostidagi mamlakatlardan kamida BHMning 1000 baravari (412 mln so‘m) miqdoridagi mablag‘larni olish yoki bunday mablag‘larni ushbu mamlakatlarga yuborish kiradi. Bir martalik tranzaksiya ham, 30 kun ichida bir nechta pul o‘tkazmalari ham muvofiq keladi.
Shubhali operatsiya aniqlanganda, banklar 10 ish kuni ichida operatsiya ishtirokchilari haqida ma’lumot to‘plashi, mablag‘ manbasini tahlil qilishi va mijozning moliyaviy profiliga mosligini baholashi lozim bo‘ladi.
Yangi tartib hujjat e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach — 9-avgustdan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz aynan shu hujjat bilan banklardan pasportsiz 500 dollargacha valuta olish mumkin bo‘lishi haqida xabar bergan edi.





