Qurbon hayitida ichki sayohatlarga chegirmalar beriladi — Turizm qo‘mitasi

Бугун 14:252 дақиқа

Qurbon hayiti munosabati bilan ichki turizm, mehmonxonalar, muzeylar va ziyoratgohlarga maxsus chegirmalar joriy etildi.

Qurbon hayitida ichki sayohatlarga chegirmalar beriladi — Turizm qo‘mitasi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan aholi uchun ketma-ket besh kunlik dam olish kunlari belgilandi. Shu munosabat bilan mamlakat ichida sayohat qilishni rag‘batlantirish maqsadida turizm sohasida bir qator imtiyozlar va chegirmalar e’lon qilindi.

Turizm qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2026 yil 27–31-may kunlari davomida respublika bo‘ylab ichki turizmni rivojlantirish va fuqarolarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida maxsus aksiya amal qiladi.

Dastur doirasida mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari o‘z xizmatlariga 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar taqdim etadi. Bu esa dam olish kunlarida sayohat qilishni rejalashtirayotganlar uchun xarajatlarni kamaytirish imkonini yaratadi.

Muzeylar uchun imtiyozlar

Bundan tashqari, madaniy obyektlarga tashrif buyuruvchilar uchun ham qator yengilliklar belgilangan. Xususan, Madaniy meros agentligi tasarrufidagi davlat muzeylari hamda madaniy meros obyektlariga kirish chiptalari uchun 10 foizgacha chegirmalar joriy etiladi.

Ushbu choralar aholining tarixiy va madaniy obyektlarga qiziqishini oshirish, shuningdek, ichki turizm oqimini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ziyoratgohlarga chegirmalar

Shuningdek, pullik ziyoratgohlarga tashrif buyuruvchilar uchun bir qancha chegirmalar berish ko‘zda tutilgan. Xususan, Qurbon hayiti bayrami kunlari nogironligi bor va yoshi katta fuqarolar va yosh bolalarga ziyoratgohlarga kirish bepul etib belgilangan.

Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan rezident aviakompaniyalar tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. «Uzbekistan Airways», «Silk Avia» va «Centrum Air» aviakompaniyalari Toshkentdan Buxoro, Termiz, Urganch va Nukusga borish/qaytish yo‘nalishida jami 28 ta qo‘shimcha reyslarni bajaradi.

Parvozlar 25-maydan 31-mayga qadar amalga oshiriladi va hafta davomida samolyotlar qo‘shimcha ravishda 8988 nafar yo‘lovchini tashiydi.

Amal jadvalga ko‘ra, hozirda haftasiga 97 ta reys amalga oshirilmoqda: Toshkent – Buxoro yo‘nalishida 23 ta, Toshkent – Termiz yo‘nalishida 23 ta, Toshkent – Urganch yo‘nalishida 35 ta va Toshkent – Nukus yo‘nalishida 16 ta reys.

Теглар

Мавзуга оид