Logo

Raqobat qo‘mitasi VEON’ning Perfectum’ni sotib olish bitimiga ruxsat berdi

Бугун 11:505 дақиқа

Bitim 5G tarmog‘ini kengaytirish, tariflarni saqlash va abonentlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan jami yettida shartlar bilan ma’qullangan.

Raqobat qo‘mitasi VEON’ning Perfectum’ni sotib olish bitimiga ruxsat berdi © yadex maps

Raqobat qo‘mitasi VEON kompaniyalar guruhiga kiruvchi VEON UZB Holding Ltd kompaniyasining Perfectum savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication AJ aksiyalarining 100 foizini sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi.

Qo‘mita maxsus komissiyasi tahlillari natijasida bitimga raqobatni ta’minlashga qaratilgan shartlar asosida oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qildi.

VEON UZB Holding Ltd O‘zbekistonda Beeline brendi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Unitel MCHJ XK ustav fondining 100 foiz ulushiga ega. Shu sababli Perfectum’ning mazkur guruh tomonidan sotib olinishi telekommunikatsiya bozoridagi raqobat va abonentlar manfaatlari nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega, deyiladi xabarda.

Perfectum kamida uch yil alohida faoliyat yuritishi kerak

Raqobat qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, bitim doirasida quyidagi shartlar bajarilishi lozim:

●     Perfectum faoliyatini saqlab qolish. Operator kamida uch yil davomida alohida faoliyat yuritishi, shuningdek, 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarga kengaytirishi kerak.

●     5G FWA tariflari va internet tezligi. Amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflari 12 oy davomida saqlanishi, yangi abonentlar uchun qulay shartlar yaratilishi va internetning o‘rtacha tezligi 300 Mbit/s dan pasaytirilmasligi lozim.

●     Operatorni erkin tanlash. Abonentlarga shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlar majburan yuklanmasligi va ularning boshqa mobil operatorlarga o‘tish erkinligi cheklanmasligi kerak.

●     Raqamli xizmatlardan foydalanishda erkinlik. Abonentlar Beeline va VEON guruhiga tegishli raqamli platformalardan foydalanishga majburlanmasligi, raqobatchilarning xizmatlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilinmasligi lozim.

●     Xizmat ko‘rsatish shartlarini saqlash. Abonentlar uchun xizmat ko‘rsatish shartlari asossiz ravishda yomonlashtirilmasligi va ularning huquqlari himoya qilinishi kerak.

●     Ma’lumotlar xavfsizligi. Abonentlarning shaxsiy va tijorat ma’lumotlari himoya qilinishi, ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanilmasligi hamda qonunchilik talablariga zid ravishda xorijiy serverlarga uzatilmasligi lozim.

●     Raqobat qonunchiligiga rioya etish. Kompaniya «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga amal qilishi va bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashi kerak.

Mazkur shartlar bitimdan keyin abonentlarning tanlov imkoniyatlarini saqlash, xizmatlar sifatini himoya qilish va telekommunikatsiya bozorida raqobatni cheklash xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Yeslatib o‘tamiz, VEON 2026-yil 19-oktabrda Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Kompaniya bitimning umumiy qiymatini qariyb 207 mln dollar, jumladan, Perfectum’ning taxminan 93 mln dollarlik moliyaviy qarzini hisobga olgan holda baholagan.

Avvalroq bitim qiymati 200 mln dollar edi

Avgust oyida tadbirkor Farhod Mamajonov prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Beeline Uzbekistan egasi Perfectum loyihasiga 200 mln dollar kiritishi haqida ma’lum qilgandi.

Tadbirkorning aytishicha, u taxminan ikki yil avval Qoraqalpog‘istonda prezident bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Britaniyaning Vodafone kompaniyasini O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga jalb qilish rejalari haqida ma’lumot bergan.

Biroq keyinchalik loyiha bo‘yicha hamkor sifatida Vodafone emas, Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan VEON kompaniyasi bilan ishlashga qaror qilingan.

«Bir yoki ikki yil oldin Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvda sizga Vodafone’ni jalb qilish rejalari haqida xabar bergan edim. Biroq buning o‘rniga biz Niderlandiyaning VEON kompaniyasi bilan ishlashni boshladik», — dedi Mamajonov.

VEON xalqaro telekommunikatsiya xoldingi bo‘lib, uningi tarkibiga O‘zbekistondagi Beeline Uzbekistan ham kiradi. Beeline Uzbekistan VEON UZB Holding Ltd orqali VEON guruhiga tegishli.

Raqobat qo‘mitasidan xulosa olish prezident nazoratida edi

Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar iyun oyidayoq asosiy kelishuvlarga erishgan va VEON 200 million dollarlik investitsiya jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor.

Ammo buning uchun avval Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha xulosasi olinishi kerak.

«Hozir bitta masala qolmoqda. Iyun oyida biz barcha kelishuvlarga erishdik, ular 200 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor. Bizga Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasini olishda yordam kerak», — dedi tadbirkor.

Shundan so‘ng prezident uchrashuvda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi vakili ishtirok etayotgani bilan qiziqdi.

Qo‘mita raisi Halilulla To‘raxo‘jayevning ma’lum qilishicha, 24-iyul kuni iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushgan.

«Hozirda biz mobil aloqa bozorini o‘rganyapmiz. Bir-IKKITA jihatni ishlab chiqish qoldi. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, tadbirkorlar kunigacha xulosa beramiz», — dedi Halilulla To‘raxo‘jayev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalani shaxsan nazoratga olishini ma’lum qildi.

Mamajonov Perfectum’ning 50 foiz ulushini sotib olgan

Farhod Mamadjonov telekommunikatsiya bozoridagi ishtirokini bundan avval ham kengaytirgan.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi 16-iyul kuni uning Perfectum mobil operatorining yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MCHJ ustav kapitalidagi 50 foizlik ulushni sotib olish bo‘yicha talabnomasini ma’qullagan edi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, bitimdan avval kompaniyaning:

●     50 foizi Abdumalik Iminovga;

●     37,5 foizi IMC-Capital MCHJga;

●     12,5 foizi Kamron Akbarovga tegishli bo‘lgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 304,62 milliard so‘mni tashkil etgan. Bitimdan so‘ng esa u 572,4 milliard so‘mga yetgan.

Hozirgi vaqtda Rubicon Wireless Communication muassislari orasida:

●     Farhod Mamajonov — 50 foiz;

●     IMC-Capital — 41,23 foiz;

●     Kamron Akbarov — 8,77 foiz ulushga ega.

Perfectum 2024 yilning boshida to‘liq xususiylashtirilgandi. Biroq kompaniya ulushlarining sotilishi haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.

Farhod Mamajonov kim?

Farhod Mamajonov O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlardan biri hisoblanadi. U «Infinbank»ning asosiy aksiyadori bo‘lib, bankning 56,4 foiz ulushiga egalik qiladi.

Bundan tashqari, u «Uztex Tashkent» to‘qimachilik korxonasi, «Azia Trans Terminal» logistika kompaniyasi, «Rakat Plaza» biznes markazi, «Sofa Marva Tour» turizm kompaniyasi hamda «Terassa» MCHJda ham ulushga ega.

2026 yilning 7-may kuni u «Safo Airlines» nomli yangi aviakompaniyani ham tashkil etgan. Ustav kapitali — 2,5 mlrd so‘m. Yangi aviakompaniyaning 60 foiz ulushi Farhod Mamajonovga, 30 foizi Mixail Alenkinga, 10 foizi Avazjon Toshpo‘latovga tegishli.

Теглар

Мавзуга оид