Logo

VEON Perfectum’ni 207 mln dollarga sotib oladi

Бугун 16:324 дақиқа

Bitim natijasida Beeline Uzbekistan mobil aloqa tarmog‘i uchun qo‘shimcha chastota resurslari hajmi taxminan 50 foizga oshadi. Sotib olish jarayonlari oktabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.

VEON Perfectum’ni 207 mln dollarga sotib oladi

VEON (Beeline Uzbekistan egasi) xalqaro telekommunikatsiya kompaniyasi O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati 19-oktabr kuni e’lon qildi.

Bitimning umumiy qiymati taxminan 207 mln dollarni tashkil etadi. Ushbu summaga Perfectum’ning qariyb 93 mln dollarlik mavjud moliyaviy qarzi ham kiritilgan. Xarid uchun to‘lov VEON’ning mavjud pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Perfectum aktivlari Beeline Uzbekistan rivojlantiriladi

Perfectum aktivlari 850 MHz va 3 800 MHz diapazonlarida jami 115 MHz chastota resurslarini, shuningdek, zamonaviy tarmoq uskunalari va infratuzilmani o‘z ichiga oladi. Ular orasida Nokia uskunalari asosida qurilgan 5G Standalone tarmog‘i ham bor.

Bitim yakunlangach, Beeline Uzbekistan’ning chastota resurslari hajmi taxminan 50 foizga oshishi kutilmoqda. Kompaniya bu orqali tarmoq qamrovi va sig‘imini yaxshilash, 5G xizmatlarini rivojlantirish hamda uylar va biznes uchun simsiz keng polosali internet takliflarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Perfectum infratuzilmasini Beeline Uzbekistan’ning mavjud tarmog‘iga integratsiya qilish kelgusidagi tarmoq investitsiyalarining samaradorligini oshirishi kutilmoqda. VEON bu jarayon kapital xarajatlar va operatsion xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlarini ham yaratishini ta’kidlagan.

Kompaniya xabariga ko‘ra, bitim uchun zarur tegishli tartibga soluvchi organlar ruxsatlari olingan. Xarid jarayonini 2026 yil oktabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.

Avvalroq bitim qiymati 200 mln dollar edi

Avgust oyida tadbirkor Farhod Mamajonov prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Beeline Uzbekistan egasi Perfectum loyihasiga 200 mln dollar kiritishi haqida ma’lum qilgandi.

Tadbirkorning aytishicha, u taxminan ikki yil avval Qoraqalpog‘istonda prezident bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Britaniyaning Vodafone kompaniyasini O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga jalb qilish rejalari haqida ma’lumot bergan.

Biroq keyinchalik loyiha bo‘yicha hamkor sifatida Vodafone emas, Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan VEON kompaniyasi bilan ishlashga qaror qilingan.

«Bir yoki ikki yil oldin Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvda sizga Vodafone’ni jalb qilish rejalari haqida xabar bergan edim. Biroq buning o‘rniga biz Niderlandiyaning VEON kompaniyasi bilan ishlashni boshladik», — dedi Mamajonov.

VEON xalqaro telekommunikatsiya xoldingi bo‘lib, uningi tarkibiga O‘zbekistondagi Beeline Uzbekistan ham kiradi. Beeline Uzbekistan VEON UZB Holding Ltd orqali VEON guruhiga tegishli.

Raqobat qo‘mitasidan xulosa olish prezident nazoratida edi

Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar iyun oyidayoq asosiy kelishuvlarga erishgan va VEON 200 million dollarlik investitsiya jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor.

Ammo buning uchun avval Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha xulosasi olinishi kerak.

«Hozir bitta masala qolmoqda. Iyun oyida biz barcha kelishuvlarga erishdik, ular 200 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bitimni imzolashga tayyor. Bizga Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasini olishda yordam kerak», — dedi tadbirkor.

Shundan so‘ng prezident uchrashuvda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi vakili ishtirok etayotgani bilan qiziqdi.

Qo‘mita raisi Halilulla To‘raxo‘jayevning ma’lum qilishicha, 24-iyul kuni iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushgan.

«Hozirda biz mobil aloqa bozorini o‘rganyapmiz. Bir-IKKITA jihatni ishlab chiqish qoldi. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, tadbirkorlar kunigacha xulosa beramiz», — dedi Halilulla To‘raxo‘jayev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalani shaxsan nazoratga olishini ma’lum qildi.

Mamajonov Perfectum’ning 50 foiz ulushini sotib olgan

Farhod Mamadjonov telekommunikatsiya bozoridagi ishtirokini bundan avval ham kengaytirgan.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi 16-iyul kuni uning Perfectum mobil operatorining yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MCHJ ustav kapitalidagi 50 foizlik ulushni sotib olish bo‘yicha talabnomasini ma’qullagan edi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, bitimdan avval kompaniyaning:

●     50 foizi Abdumalik Iminovga;

●     37,5 foizi IMC-Capital MCHJga;

●     12,5 foizi Kamron Akbarovga tegishli bo‘lgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 304,62 milliard so‘mni tashkil etgan. Bitimdan so‘ng esa u 572,4 milliard so‘mga yetgan.

Hozirgi vaqtda Rubicon Wireless Communication muassislari orasida:

●     Farhod Mamajonov — 50 foiz;

●     IMC-Capital — 41,23 foiz;

●     Kamron Akbarov — 8,77 foiz ulushga ega.

Perfectum 2024 yilning boshida to‘liq xususiylashtirilgandi. Biroq kompaniya ulushlarining sotilishi haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.

Farhod Mamajonov kim?

Farhod Mamajonov O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlardan biri hisoblanadi. U «Infinbank»ning asosiy aksiyadori bo‘lib, bankning 56,4 foiz ulushiga egalik qiladi.

Bundan tashqari, u «Uztex Tashkent» to‘qimachilik korxonasi, «Azia Trans Terminal» logistika kompaniyasi, «Rakat Plaza» biznes markazi, «Sofa Marva Tour» turizm kompaniyasi hamda «Terassa» MCHJda ham ulushga ega.

2026 yilning 7-may kuni u «Safo Airlines» nomli yangi aviakompaniyani ham tashkil etgan. Ustav kapitali — 2,5 mlrd so‘m. Yangi aviakompaniyaning 60 foiz ulushi Farhod Mamajonovga, 30 foizi Mixail Alenkinga, 10 foizi Avazjon Toshpo‘latovga tegishli.

Теглар

Мавзуга оид