add

O‘zbekistonda binolar fasadini yonuvchan materiallar bilan qoplash taqiqlanadi

02.12.2025 | 09:552372 daqiqa

Prezident mamlakatdagi 44 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligini tekshirishni buyurdi.

O‘zbekistonda binolar fasadini yonuvchan materiallar bilan qoplash taqiqlanadi

O‘zbekistonda binolarning tashqi devorlarida yonuvchan materiallardan foydalanishni qat’iy tarzda taqiqlash rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda bu boradagi xavflar kuchayganini ta’kidlab, qurilish me’yorlarini xalqaro amaliyotga moslashtirish zarurligini qayd etdi.

Yig‘ilishda aytilishicha, mamlakat bo‘ylab 44 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligi holatini kompleks o‘rganish topshirildi.

Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tizimini yanada takomillashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga tayyorgarlikni oshirish davlat rahbarining asosiy talablaridan biri bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga yangilangan yong‘in xavfsizligi qoidalarini qonun darajasida mustahkamlash, mas’ul mansabdorlarning javobgarligini kuchaytirish va talablarni buzgan hollarda qat’iy nazorat choralarini belgilash bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlashni buyurdi.

Kommunal va boshqaruv xizmatlarini muvofiqlashtirish ham yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Prezident barcha kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni Favqulodda vaziyatlar vazirligining yagona dispetcherlik tizimiga ulash, tumanlar kesimida ishchi guruhlar tuzish va profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasini qo‘ydi.

Mavzuning dolzarbligi so‘nggi xalqaro va mahalliy yong‘in holatlari bilan ham bog‘liq. Yaqinda Honkongdagi «Wang Fuk Court» majmuasida sodir bo‘lgan yong‘inda 150 dan ortiq odam halok bo‘lgani ma’lum qilingan. O‘zbekistonda ham bunday holatlar kuzatilgan: 2015 yilda Toshkent markazida 12 qavatli uy fasadi yonib ketgan, 2024 yil sentabrda esa O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Toshkent davlat agrar universiteti binolarida yong‘in yuz bergan.

Mazkur voqealar fasad materiallarining xavfsizligini ta’minlash va nazoratni kuchaytirish masalasini yanada dolzarb etib qo‘ydi.

Teglar

Mavzuga oid