add

Hongkongdagi halokatli yong‘in qurbonlari 146 nafarga yetdi

01.12.2025 | 20:181862 daqiqa

Tay Po tumanidagi ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan katta yong‘indan keyin qurbonlar soni oshmoqda. Falokat ortidan namoyishlar yuzaga kelmasligi uchun Xitoy hukumati ogohlantirish berdi.

Hongkongdagi halokatli yong‘in qurbonlari 146 nafarga yetdi

Hongkongda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir yong‘in oqibatida qurbonlar soni 146 nafarga yetdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 54 tasi hali identifikatsiya qilinmagan, shuningdek, 40 dan ortiq kishi bedarak deb hisoblanmoqda. Fojia joyi bo‘lgan Tay Po tumanidagi 30 qavatdan baland «Wang Fuk Court» turar-joy majmuasida qidiruv va tozalash ishlari bir necha hafta davom etishi kutilmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, yong‘indan qolgan bloklarni tekshirish «eng qiyin bosqich» bo‘lib, konstruksiya xavfsizligi to‘liq baholanmaguncha butun majmua muhrlangan holda qoladi. Qutqaruvchilar uylarning tom qismida ham jasadlarni topganini ma’lum qildi.

Shanba kuni Hongkongda uch kunlik motam e’lon qilinib, rasmiy tadbirlar bekor qilindi. Minglab fuqarolar yonib ketgan binolar yaqinida qurbonlarga hurmat bajo keltirdi.

Yong‘in kelib chiqish sabablari bo‘yicha 11 nafar shaxs hibsga olingan. Fojia sodir bo‘lgan paytda majmuada ta’mirlash ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan va rasmiylar qurilish materiallari hamda xavfsizlik standartlariga rioya etilganini tekshirmoqda.

Shu bilan birga, mahalliy matbuotda yoritilishicha, milliy xavfsizlik politsiyasi falokatdan «fitna» maqsadida foydalanishda gumon qilingan bir shaxsni hibsga olgani aytilgan. Xitoyning Hongkongdagi milliy xavfsizlik idoralari esa «Xitoyga qarshi buzg‘unchilar»ni falokatdan siyosiy maqsadda foydalanib, 2019 yildagiga o‘xshash norozilik namoyishlarini qo‘zg‘atishga urinishdan qat’iy ogohlantirdi.

Hukumat bayonotida aytilishicha, ushbu falokat bilan bog‘liq «tartibsizlik keltiruvchi» harakatlarga urinishlar qonunchilik asosida jazolanishi belgilangan. Mahalliy va markaziy hukumat vaziyat yomonlashmasligi uchun tezkor choralar ko‘rmoqda.

Fojia 1948 yildan buyon Hongkongda sodir bo‘lgan eng yirik yong‘in sifatida qayd etilmoqda. Hongkonglik tadbirkorlari jabrlanuvchilarga va ularning oilalariga xayriya mablag‘lari ajratishini ma’lum qildi. Shahar ma’muriyati esa barcha ko‘chirilgan fuqarolar vaqtinchalik turar-joy bilan ta’minlanishini aytdi.

Teglar

Mavzuga oid