Yonuvchan materiallardan foydalanish bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etildi
O‘zbekistonda binolarni pardozlashda yonuvchanligi yuqori materiallardan foydalanish cheklanib, yong‘in xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi talablar belgilandi.

O‘zbekistonda binolar va inshootlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar yanada kuchaytirildi. Adliya vazirligi “Bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi”ga oid shaharsozlik normalari va qoidalariga kiritilgan o‘zgartishlarni (SHNQ, 391-son, 2026 yil 27-mart) hisobga oldi.
Mazkur o‘zgartishlarga ko‘ra, binolarni pardozlashda ishlatiladigan qurilish materiallariga nisbatan qat’iy cheklovlar joriy etildi. Bu talablar binolarning balandligi va ularning vazifasiga qarab farq qiladi.
Jumladan, balandligi 28 metrgacha bo‘lgan binolarning fasad qismida faqat yonuvchanlik darajasi past bo‘lgan materiallardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bu orqali yong‘in tarqalish ehtimolini kamaytirish maqsad qilingan.
Shuningdek, 28 metrdan baland binolarda, shu bilan birga ta’lim va tibbiyot muassasalarida yonuvchan materiallardan foydalanish to‘liq taqiqlandi. Bu kabi obyektlarda xavfsizlik talablari yanada yuqori darajada ta’minlanishi lozim.
Bundan tashqari, binolarning evakuatsiya yo‘llari, jumladan zinapoyalar, yo‘laklar, chiqish yo‘laklari, shuningdek yerto‘la va yarim yerto‘lalarda devor va shiftlarni bezashda yonuvchan materiallardan foydalanishga cheklovlar kiritildi.
Mazkur talablar yong‘in kelib chiqishi va uning tez tarqalish xavfini kamaytirish, shuningdek favqulodda holatlarda fuqarolarning xavfsiz evakuatsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda binolarning tashqi devorlarida yonuvchan materiallardan foydalanishni qat’iy tarzda taqiqlash rejalashtirilayotganligi haqida xabar bergan edik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 1-dekabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda bu boradagi xavflar kuchayganini ta’kidlab, qurilish me’yorlarini xalqaro amaliyotga moslashtirish zarurligini qayd etgandi.





