Yosh tadbirkorlar uchun 1 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi
2026 yildan O‘zbekistonda yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Yosh tadbirkorlar» chempionati yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yildan boshlab mamlakatda har yili yoshlarning ilg‘or biznes va startap tashabbuslarini aniqlash hamda rag‘batlantirish maqsadida «Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda «Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilab qo‘yilgan. Qarorga muvofiq, tanlov natijalariga ko‘ra eng istiqbolli loyihalarga moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Chempionat doirasida 100 tagacha biznes va startap loyihaning har biriga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Mablag‘lar Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda «Yoshlar ventures» venchur jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. Bu yoshlar tashabbuslarini bozorga chiqish va kengaytirish uchun muhim moliyaviy tayanch bo‘lishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha rag‘bat choralari
Qarorga ko‘ra, startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish maqsadida moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlar jalb etiladi. Ularning xarajatlari BHMning 100 baravarigacha miqdorda davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bu esa loyihalarning bozorda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari hamda «Faol tadbirkor» va «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishonlariga tavsiya etish yuzasidan vakolatli organlarga taklif kiritadi. Bu mexanizm yosh tadbirkorlarning ijtimoiy nufuzini oshirishga qaratilgan.
Raqamli startap imtiyozlari
2026 yil 1-apreldan «Raqamli startaplar» dasturida ishtirok etuvchi loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi. Ular qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2026 yildan har yili «Startap ekspo» ko‘rgazmasi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi. U mazkur sohadagi innovatsion g‘oyalar va investorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, aynan shu qaror bilan talabalar o‘rtasida «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi, o‘quvchilar o‘rtasida esa «Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovi o‘tkaziladi.





