Logo

UzPost atrofidagi jumboq: «O‘zbekiston pochtasi» yopiq qaror bilan «Wildberries»ga boshqaruvga berildimi?

2025-yilda «O‘zbekiston pochtasi»ning davlat ulushi Rossiya kompaniyasiga sotilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Davaktiv rahbari ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, e’lon qilingan hujjatda bunday shartnomaga havola bor.

UzPost atrofidagi jumboq: «O‘zbekiston pochtasi» yopiq qaror bilan «Wildberries»ga boshqaruvga berildimi?

«O‘zbekiston pochtasi»ning xususiylashtirilishi, davlat aksiyalarini boshqarish tartibi va kompaniya atrofidagi qarorlar so‘nggi vaqtlarda ko‘plab savollarni yuzaga keltirmoqda. 2025-yilda uning davlat ulushi sotilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa, 2026-yilda kuzatuv kengashi tarkibidagi o‘zgarishlar va yirik moliyalashtirish takliflari yana e’tiborni tortdi.

Davaktiv rahbarining ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘qligi haqidagi bayonotidan ko‘p o‘tmay, e’lon qilingan hujjatda aynan shunday shartnomaga havola qilinishi esa vaziyatni yanada murakkablashtirdi. 

Vaqt.uz bu voqealar qanday kechgani, UzPost’ni boshqarish vakolati kimda ekani va kompaniyaning moliyaviy istiqboli bilan bog‘liq ma’lumotlarni jamladi.

Davaktiv rahbari nima dedi, hujjatda nima yozilgan?

8-oktabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ishtirokidagi matbuot anjumanida «O‘zbekiston pochtasi»ning davlat aksiyalari paketi yopiq qaror bilan «WB INT EXPORT» MCHJga ishonchli boshqaruvga berilgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan savol berildi.

O‘shanda Davaktiv rahbari: «Bugungi kunda ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘q!» — deb javob berdi.

Biroq 11-oktabr kuni «KorpInfo» Telegram kanalida «O‘zbekiston pochtasi» AJ aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirma e’lon qilindi. Hujjat 2026-yil 21-sentabrda o‘tkazilgan yig‘ilishga tegishli bo‘lib, unda 2025-yil 30-dekabrdagi 01/3-94-sonli ishonchli boshqaruv shartnomasiga bir necha bor havola qilingan.

1

Manba: KorpInfo

Bayonnomada «WB INT EXPORT» MCHJ «O‘zbekiston pochtasi»ning davlat aksiyalari paketini ishonchli boshqaruvchi sifatida aksiyadorning barcha huquqlariga ega ekani qayd etilgan. Hujjatda bu vakolatlar «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 65-moddasi hamda ishonchli boshqaruv shartnomasi bilan asoslangan.

Shuningdek, bayonnomada shartnomaning 6.1-bandiga muvofiq, «WB INT EXPORT» MCHJ tomonidan 2026-yil 31-martdagi xat bilan besh nomzodni kuzatuv kengashi tarkibiga saylash taklif qilingani ko‘rsatilgan. Davaktiv tomonidan ilgari taklif etilgan to‘rt nafar kuzatuv kengashi a’zosini qayta saylash masalasi ham bayonnomada qayd etilgan.

Bundan tashqari, hujjatda «WB INT EXPORT» MCHJning 2026-yil 11-avgustdagi DDU-8-son xati tilga olinadi. Unda kompaniya aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish va kun tartibiga kuzatuv kengashining yangi tarkibini saylash masalasini kiritishni talab qilgan.

Shunday qilib, e’lon qilingan bayonnomada ishonchli boshqaruv shartnomasining sanasi va raqami, uning muayyan bandi hamda shu shartnomaga asoslangan harakatlar aniq ko‘rsatilgan. Bu ma’lumotlar Davaktiv rahbarining 8-oktabrdagi bayonoti bilan bir-biriga mos kelmaydi.

Hozircha asosiy savol ochiq qolmoqda: agar bayonnomada 2025-yil 30-dekabrdagi ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida «WB INT EXPORT» MCHJga aksiyadorning barcha huquqlari berilgani yozilgan bo‘lsa, Davaktiv rahbari nima uchun 8-oktabr kuni bunday shartnoma yo‘qligini aytgan?

Holat yuzasidan Vaqt.uz Davaktivga rasmiy so‘rov yubordi. Unda 2025-yil 30-dekabrdagi ishonchli boshqaruv shartnomasining mavjudligi va huquqiy maqomi, shuningdek, «WB INT EXPORT» MCHJga davlat aksiyalari paketini boshqarish vakolati qaysi asosda berilgani yuzasidan izoh so‘raldi.

UzPost kuzatuv kengashining 9 a’zosidan 5 nafari WB bilan bog‘liq

«O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlari kuzatuv kengashining yangi tarkibini uch yil muddatga sayladi. Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qqiz kishidan iborat kengashning besh a’zosi «Wildberries & Russ» (RVB) birlashgan kompaniyasi bilan bog‘liq korxonalarda ishlaydi.

UzPost aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi 2026-yil 21-sentabrda bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda kvorum 93,69 foizni tashkil etgan. Bayonnoma 30-sentabrda rasmiylashtirilgan, tegishli ma’lumot esa 2-oktabr kuni Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan. Yig‘ilishda kuzatuv kengashining avvalgi tarkibi vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi qaror barcha ovoz bergan aksiyadorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Yangi kuzatuv kengashiga «WB INT EXPORT» bosh direktori Akmal Primqulov, RVB investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin, RVB yuridik departamenti direktori o‘rinbosari Emil Hasyanov, RVB moliyaviy direktori Pavel Logunov hamda WB Bankning mintaqaviy rivojlanishni boshqarish departamenti direktori Aleksandra Xmeleva kiritilgan.

Qolgan to‘rt o‘rinni Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Hisob palatasi mutaxassisi Shahzod O‘sarov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Ostonaqulov hamda mustaqil a’zo Rojer Kruk (Roger Crook) egallagan.

Shunday qilib, yangi kuzatuv kengashidagi to‘qqiz o‘rindan beshtasi RVB bilan bog‘liq korxonalarda ishlaydigan vakillarga tegishli.

2

Manba: OpenInfo

100 mlrd so‘mlik kredit o‘rniga 360 mlrd so‘mlik foizsiz qarz

«WB INT EXPORT»dan 100 mlrd so‘m miqdorida qarz jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Taklifga ko‘ra, mablag‘ Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi — yillik 14 foizda jalb qilinishi va tasdiqlangan jadval asosida qaytarilishi kerak edi.

Biroq aksiyadorlar mazkur masala bo‘yicha qaror qabul qilmagan. Korporativ axborot portalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz bergan aksiyadorlarning 100 foizi betaraf qolgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham 100 mlrd so‘mlik qarz amalda olingani haqidagi xabarlarni rad etgan. Agentlik izohiga ko‘ra, foiz stavkasi, qarz miqdori va uni qaytarish jadvali bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagani sababli 2026-yil 21-sentabrdagi yig‘ilishda qarz olish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan.

Matbuot anjumanida Davaktiv direktori Sohibjon Murodov UzPost uchun «Wildberries» tomonidan 360 mlrd so‘mgacha foizsiz kredit liniyasi ochilishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning tushuntirishicha, bu kompaniya birdaniga 360 mlrd so‘m qarz oladi degani emas: mablag‘ zaruratga qarab bosqichma-bosqich jalb qilinishi yoki umuman ishlatilmasligi mumkin.

Murodovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha dastlabki kelishuvlarga erishilgan, biroq rasmiy kelishuv imzolanmagan. Jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan xaridlar va xarajatlar samaradorligi alohida baholanishi rejalashtirilgan.

Tushum kamaygan, modernizatsiya uchun 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ kerak

Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda UzPost’ning o‘rtacha sof foydasi 800 mln so‘mni, rentabellik darajasi esa 0,2 foizni tashkil etgan.

2026-yilning birinchi yarmida kompaniya tushumi 313,6 mlrd so‘m bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foiz kam.

Davaktiv tushum kamayishiga ta’sir qilgan omillardan biri sifatida 2026-yil 16-maydan yo‘l harakati qoidabuzarliklari haqidagi qarorlarni pochta orqali yetkazib berish xizmati to‘xtatilganini ko‘rsatgan. Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu xizmatning to‘xtatilishi oqibatida kompaniya yil yakunigacha 1,7 mlrd so‘m zarar ko‘rishi mumkin. UzPost’ning banklardan qarzdorligi esa 45,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Davaktiv elektron tijoratning tez rivojlanishi pochta infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishni talab etayotganini qayd etgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ zarur.

Ushbu mablag‘larni yuk va elektrotransport xarid qilish, saralash markazlari hamda IT infratuzilmasini yangilash, pochtomatlar (buyurtmalarni saqlash va olish qurilmasi) sonini ko‘paytirish va pochta obyektlarini ta’mirlashga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

UzPost bilan bog‘liq muhokamalar 2025-yilda boshlangan

«O‘zbekiston pochtasi»ning davlat ulushini sotish ehtimoli haqidagi xabarlar 2025-yil oktabr oyida keng muhokama qilindi. O‘sha paytda OAVda davlat ulushining ehtimoliy xaridori sifatida Rossiyaning «Wildberries» marketpleysi tilga olindi. Keyinchalik RBK va bir nechta o‘zbek OAVlari tomonidan pochtaning xususiylashtirilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi, biroq aksiyalar «Wildberries»ga sotilgani haqida rasmiy tasdiq berilmadi.

Aslida, UzPost aksiyalarini xususiylashtirish masalasi bundan oldinroq kun tartibiga chiqqandi. Xususiylashtirish dasturi doirasida kompaniya aksiyalarining 29,4 foizini ochiq savdoga chiqarish rejalashtirilgan. 2025-yil davomida esa kompaniyaning aksiyadorlik tuzilmasi va davlat ulushini boshqarish bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuz berdi.

Jumladan, iyun oyida UzPost’ning affillangan shaxslar ro‘yxati o‘zgardi. Undan «Aloqabank», Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda unga aloqador ayrim yuridik shaxslar chiqarildi. Ro‘yxatga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, unga tegishli yuridik shaxslar va O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi kiritildi.

3

Manba: OpenInfo

2025-yilning sentabrida esa avval Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan 25 foizlik ulush Davaktiv ixtiyoriga o‘tkazildi. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi 50 ta pochta aloqasi binosi UzPost balansiga o‘tkazilib, kompaniyaning ustav kapitali oshirilgani haqida ham xabarlar berildi.

Kompaniyaning moliyaviy natijalari ham e’tiborga molik. UzPost 2023-yilni 809,7 mln so‘m sof foyda bilan yakunlagan. 2024-yilda tushum 603,5 mlrd so‘mga, sof foyda esa 843,9 mln so‘mga yetgan.

Xususiylashtirish haqidagi xabarlar fonida UzPost investorlarni jalb qilish rejalari borligini ham bildirgan. Kompaniya elektron tijorat rivojlanishi va an’anaviy pochta xizmatlariga talab kamayishi sharoitida xizmatlarni diversifikatsiya qilish, texnologik imkoniyatlarni kengaytirish zarurligini qayd etgan.

2025-yil 20-oktabrda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davaktivdan UzPost’ning davlat ulushiga oid ehtimoliy savdolarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashni so‘ragan.

Uzum ham UzPost’ni xususiylashtirishga qiziqish bildirgan

2025-yil oktabr oyida «O‘zbekiston pochtasi»ning xususiylashtirilishi muhokama qilinayotgan paytda, kompaniyaga Uzum ham qiziqish bildirgandi.

13-oktabr kuni marketpleys pochta operatoriga sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi. Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayevning aytishicha, kompaniya 2026-yilda mamlakat bo‘ylab hamkor buyurtma topshirish punktlari sonini 1 000 tadan oshirishni, Uzum Market buyurtmalarining 10 foizigacha bo‘lgan qismini esa pochta infratuzilmasi orqali yetkazishni rejalashtirgan.

Jumayev, shuningdek, Uzum kelgusi 3–4 yil ichida O‘zbekistonga 1,5 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritishni ko‘zlayotganini bildirgan. Bu rejalar doirasida pochta operatori bilan hamkorlikda logistika infratuzilmasini rivojlantirish ham nazarda tutilgan.

Oradan bir kun o‘tib, 14-oktabrda Uzum «O‘zbekiston pochtasi»ni xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda ishtirok etish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rasmiy ariza yuborganini ma’lum qilgandi.

«Wildberries» atrofidagi mojarolar

«Wildberries» so‘nggi yillarda Rossiyada eng ko‘p muhokama qilingan xususiy kompaniyalardan biriga aylandi. Kompaniya atrofidagi tortishuvlar, ichki mojarolar va siyosiy ta’sirlar uning O‘zbekistondagi ehtimoliy faoliyati haqida ham turli savollarni paydo qilmoqda. 2024-yilning yozida «Wildberries» mamlakatdagi yirik tashqi reklama operatori «Russ Outdoor» bilan birlashganini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qadam marketing va reklama infratuzilmasini birlashtirish, logistik zanjirni kengaytirish maqsadida qilingan. Ammo birlashuv ortida katta oilaviy va siyosiy drama yashirilgani ma’lum bo‘ldi. «Forbes» nashrining yozishicha, kompaniya asoschisi Tatyana Bakalchuk va uning turmush o‘rtog‘i Vladislav Bakalchuk o‘rtasidagi kelishmovchiliklar jamoatchilik muhokamasiga aylandi.

Vladislav Bakalchuk birlashuv jarayoni uning roziligisiz amalga oshirilganini aytdi, shundan so‘ng Checheniston rahbari Ramzan Qodirov vaziyatga shaxsan aralashib, oilaviy masala haqidagi videomurojaat bilan chiqdi. Qodirov bu ishga kavkazliklar aralashganini ta’kidlab, Tatyana Bakalchukni «turmush o‘rtog‘ini chetlatganlikda» aybladi. Shu tariqa korporativ kelishuv shaxsiy mojaroga aylandi. Birlashuv natijasida «Wildberries» kompaniyasida ulushlar shunday taqsimlandi:

  • «Wildberries» — 65 foiz;

  • «Russ Outdoor» — 35 foiz.

Bu holat ko‘plab tahlilchilar tomonidan Russ orqali kompaniyani bosqichma-bosqich «nazoratga olish urinishi» deb baholandi.

Keyinchalik bir qator yuqori lavozimdagi xodimlar ishdan bo‘shatildi, ularning o‘rniga Russ’dan kelgan shaxslar tayinlandi. Yuridik jihatdan esa, agar Bakalchuklar o‘rtasida nikoh shartnomasi bo‘lmagan bo‘lsa, «Wildberries» ulushlari bo‘linishi mumkinligi aytildi — bu esa kompaniyaning mulkdorlik tuzilishi va boshqaruv barqarorligiga jiddiy xavf soldi.

Shu voqealardan so‘ng «Wildberries» Rossiyada yilning eng mojaroli kompaniyasi sifatida tilga olina boshladi. Ayrim ekspertlar uning korporativ madaniyati va ishchilar bilan munosabatlarini tanqid qildi, ayrimlari esa kompaniyaning raqobatbardosh logistika tizimi va faol investitsiya siyosatiga e’tibor qaratdi.

Shuning uchun ham «Wildberries»ning O‘zbekistonda UzPost xususiylashtirilishi jarayonida ishtirok etishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy-ijtimoiy bahslarga sabab bo‘lyapti

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 215

Барчаси

Мавзуга оид