NOQONUNIY PULLAR AYLANMASI: KONTRABANDADAN SOLIQDAN QOCHISHGACHA
Dunyo bo‘ylab har yili trillionlab dollar noqonuniy yo‘llar bilan aylanadi. Xususan, narkotik savdosi, korrupsiya, kontrabanda, firibgarlik — bulardan tushgan pullar qanday qilib bank tizimiga kirib, go‘yoki qonunan “toza” pulga aylanadi?
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyotida har yili 800 milliarddan 2 trillion dollargacha mablag‘ pul yuvish operatsiyalari orqali aylanadi.Xo‘sh, noqonuniy pullar qanday yuviladi, qaysi sxemalar ishlatilida va nega bu global muammoga aylanganini ko‘rib chiqsak.
NOQONUNIY PUL NIMA?
Noqonuniy pul — bu qonunga zid faoliyat orqali topilgan mablag‘lardir. Bunday pullar rasmiy iqtisodiy faoliyat orqali emas, balki jinoyat yoki yashirin operatsiyalar orqali kelib chiqadi.Oddiy qilib aytganda, agar pul qonunga xilof yo‘l bilan topilgan bo‘lsa, u noqonuniy pul hisoblanadi.
Noqonuniy pulning asosiy manbalari – korrupsiya,narkotik savdosi, kontrabanda,soliqdan qochish, odam savdosi ,onlayn firibgarlik va kiberjinoyatlar .Bunday mablag‘lar ochiq ravishda ishlatilsa, ularning manbasi tezda fosh bo‘lishi mumkin. Shu sababli jinoyatchilar ko‘pincha pulni “yuvish”, ya’ni uni qonuniy ko‘rinishga keltirishga harakat qilishadi.
OFSHOR KOMPANIYA
Hech qiziqib yoki eshitib ko‘rganmisiz, noqonuniy yo‘l bilan topilgan bu pullar nima orqali tozalanadi? Albatta bu borada ofshor kompaniyalar qo‘l keladi. Xo‘sh, u o‘zi nima?
Ofshor kompaniya — bu kompaniyani o‘z faoliyat yuritadigan davlatida emas, balki soliqlar past yoki umuman soliq olinmaydigan xorijiy hududda ro‘yxatdan o‘tkazish orqali tashkil qilingan kompaniya hisoblanadi. Bunday hududlar odatda “ofshor zona” deb ataladi. Ofshor zonalar davlatlar yoki orollar bo‘lib, ular xorijlik investorlarni jalb qilish uchun soliq imtiyozlari va moliyaviy maxfiylikni taklif qiladi.
Dunyoda mashhur ofshor hududlar qatoriga Britaniya Virjin orollari, Kayman orollari, Panama va Seyshellar kabi joylar kiradi. Bu hududlarda kompaniya ochish jarayoni juda sodda va tez amalga oshiriladi. Ko‘p hollarda kompaniyani bir necha kun ichida onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
Ofshor kompaniyalarning eng muhim jihatlaridan biri — soliq imtiyozlaridir. Ko‘p ofshor hududlarda kompaniyalardan daromad solig‘i umuman olinmaydi yoki juda past stavkalar qo‘llaniladi. Shu sababli xalqaro biznes bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar soliq xarajatlarini kamaytirish maqsadida ofshor hududlarda firma ochishni afzal ko‘radi.
Yana bir muhim xususiyat — maxfiylik. Ayrim ofshor yurisdiksiyalarda kompaniyaning haqiqiy egasi (benefitsiari) haqidagi ma’lumotlar ochiq reyestrlarda ko‘rsatilmasligi mumkin. Bu esa investorlarga o‘z moliyaviy aktivlarini maxfiy saqlash imkonini beradi.
Shuningdek, ofshor kompaniyalar xalqaro savdo operatsiyalarida ham qo‘llaniladi. Masalan, bir kompaniya mahsulotni bir davlatdan sotib olib, boshqa davlatga sotishi mumkin. Bu jarayonda ofshor kompaniya vositachi sifatida ishtirok etadi va foyda aynan shu ofshor kompaniya hisobida to‘planadi.
Ofshor kompaniyalar qonuniy biznes vositasi bo‘lishiga qaramasdan, ba’zan noqonuniy faoliyatlarda ham ishlatilishi mumkin. Masalan, korrupsiya mablag‘larini yashirish, soliqdan qochish yoki jinoiy daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) uchun ofshor sxemalardan foydalanish holatlari uchraydi.
NARKOBARON ESKOBAR
Narkotik moddalar savdosi dunyodagi eng katta noqonuniy iqtisodiy sohalardan biri hisoblanadi. Bu bozor orqali har yili milliardlab dollar aylanadi. Narkokartellar narkotik ishlab chiqaradi,uni turli mamlakatlarga kontrabanda orqali yetkazadi va savdodan tushgan katta miqdordagi naqd pulni yashirishga harakat qiladi.
Masalan, Kolumbiyadagi mashhur narkobaron Pablo Eskobar karteli bir vaqtlar dunyodagi kokain savdosining katta qismini nazorat qilgan.U o‘tgan asrning 70-yillarida “Medellin” kartelini tashkil etgan va rahbarlik qilgan. Uning boyligi taxminan 25–30 milliard dollarga baholangan. Bu sohadagi pullar keyinchalik banklar, ofshor kompaniyalar yoki bizneslar orqali “tozalanadi”. Eskobar ham bu borada noqonuniy pullar aylanmasini shu sxema orqali amalga oshiradi.
Kartelning haftalik daromadi 420 million dollarga yetgan. Bu mablag‘lar hisobiga Eskobar ko‘plab samolyotlar, xususiy orol va Haciyenda Nápoles deb nomlangan ulkan 7 ming gektarlik hashamatli mulk sotib olgan. Bu mulkda hayvonot bog‘i va hatto samolyotlar uchun mo‘ljallangan uchish-qo‘nish yo‘lagi ham bo‘lgan.
U hatto Kolumbiyaning 10 milliard dollarlik davlat qarzini to‘lashni taklif qilib, buning evaziga AQSHga ekstraditsiya qilinmaslikni talab qilgan. Shunga qaramay, u yashirib qo‘ygan katta miqdordagi naqd pullarning bir qismi har yili chirib ketishi yoki kalamushlar tomonidan kemirib tashlanishi sababli milliardlab dollar yo‘qolib ketgani haqida ham ma’lumotlar bor.
1982-yilda Eskobar Kolumbiya Kongressiga saylangan. U kambag‘allar uchun uylar qurish, futbol maydonlari barpo etish kabi xayriya ishlari bilan shug‘ullanib, “Robin Hud Paysa” laqabini olgan.
Ammo rasmiylar uning jinoyat aloqalarini fosh qilgach, u ochiq zo‘ravonlik yo‘liga o‘tdi. Uning mashhur shiori «plata o plomo» («kumush yoki qo‘rg‘oshin», ya’ni pora ol yoki o‘limni tanla) edi.
Eskobar siyosatchilar, sudyalar va jurnalistlarning o‘ldirilishini buyurgan. Shuningdek, u bir qator portlashlarni tashkil etgan. Eng mashhurlaridan biri — 1989-yilda Aviansa 203 reysi portlatilishi, bu hodisada 107 kishi halok bo‘lgan.
1991-yilda Eskobar AQSHga ekstraditsiya qilinmaslik sharti bilan hukumatga taslim bo‘ldi. U o‘zi uchun maxsus qurilgan hashamatli qamoqxona — La Catedralda saqlandi.
U yerda ikki sherigini o‘ldirgach, 1992-yilda qamoqdan qochib ketdi. Shundan so‘ng Kolumbiya hukumati va AQSHning DEA agentligi yordamida katta qidiruv operatsiyasi boshlandi.
1993-yil 2-dekabr kuni Eskobar Medellin shahridagi bir uy tomida otib o‘ldirildi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, u o‘zini o‘zi ham otgan bo‘lishi mumkin. Uning o‘limi Medellin kartelining qulashiga va Kolumbiyaning narkotiklar urushida muhim burilish nuqtasiga aylandi.
Eskobar bugungi kunda ham narkoterrorizm ramzi va ijtimoiy tengsizlikdan foydalanishning yorqin namunasi sifatida eslanadi.
Pul yuvish (Money Laundering)
Pul yuvish — bu jinoyat orqali topilgan mablag‘larning noqonuniy manbasini yashirish maqsadida ularni qayta ishlash va qonuniy ko‘rinishga keltirish jarayonidir. Bu jarayon jinoyatchilar uchun juda muhim, chunki bu ularga mablag‘larning haqiqiy manbasini oshkor qilmasdan, ushbu daromaddan foydalanish imkonini yaratadi.
Pul yuvish tushunchasi 1988 yilgi BMTning Vena konvensiyasining 3.1-moddasida quyidagicha ta’riflangan:
«Jinoyat natijasida olingan mulk ekanligini bilgan holda, uning noqonuniy manbasini yashirish yoki niqoblash maqsadida, ushbu jinoyatda ishtirok etgan shaxsga o‘z harakatlari uchun huquqiy javobgarlikdan qochishga yordam berish maqsadida mulkni aylantirish yoki boshqa shaxsga o‘tkazish».
Bundan tashqari, 2000-yilgi BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi (UNTOC)ning 6 va 7-moddalarida pul yuvishga qarshi kurashish bo‘yicha qoidalar belgilangan. Shuningdek, 12, 13 va 14-moddalar jinoyatdan olingan daromadlarni musodara qilish masalalariga bag‘ishlangan.
Yana2003 yilgi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC)ning 14, 23 va 24-moddalarida pul yuvishga qarshi kurashish choralari ko‘rsatilgan. Uning 31-moddasi hamda 51–59-moddalari (V bob) jinoyatdan olingan mablag‘larni muzlatish va musodara qilish tartiblarini belgilaydi.
PUL YUVISH BOSQICHLARI
Pul yuvish jarayoni odatda uchta asosiy bosqichdan iborat bo‘ladi. Bu bosqichlar orqali noqonuniy mablag‘lar oxir-oqibat qonuniy moliyaviy tizimga kiritiladi:
Birinchi bosqich – Placement ya’ni joylarshtirish.
Bu bosqichda jinoyat orqali olingan pul moliyaviy tizimga kiritiladi. Odatda bu pul naqd shaklda bo‘ladi va jinoyatchilar uni banklar yoki biznes orqali aylantirishga harakat qiladi.
Real misol sifatida, yuqorida ta’kidlaganimizdek narkobaron Pablo Eskobar rahbarlik qilgan Medelin karteli 1980-yillarda kokain savdosidan milliardlab dollar topgan. Bu pullarni saqlash va yashirish katta muammo bo‘lgan o‘sha davrda.
Shuning uchun kartel a’zolari pulni turli bank hisoblariga kichik miqdorlarda qo‘yish, restoran, klub va kichik bizneslar orqali “tushum” sifatida ko‘rsatish va kazino orqali aylantirish kabi usullardan foydalangan.
Masalan, kartel a’zosi restoran ochadi va har kuni haqiqiy tushumdan tashqari yana minglab dollar naqd pulni “mijozlar to‘lovi” sifatida hisobotga kiritadi. Shu tariqa noqonuniy pul biznes daromadiga o‘xshatib qo‘yiladi.Mana buni asrning shov-shuvli illegal hodisasi sifatida qayd etsak o‘rinli bo‘ladi.
Ikkinchisi esa, Layering – qatlamlash bosqichi
Mazkur bosqichda pulning haqiqiy manbasini yashirish uchun murakkab operatsiyalar zanjiri ishlatiladi. Pul bir nechta banklar, kompaniyalar va mamlakatlar orqali aylantiriladi.
Misol uchun, 2016 yilda dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan hujjatlar fosh etildi. Bu hodisa Panama Papers nomi bilan mashhur.
Unda minglab siyosatchilar, biznesmenlar va jinoiy tuzilmalar pulni yashirish uchun ofshor kompaniyalardan foydalangani ma’lum bo‘lgan.Bu sxemaning ishlashi odatda shunday kechadi.
Jinoyat orqali olingan pul bir kompaniya hisob raqamiga o‘tkaziladi, u yerdan pul boshqa davlatdagi ikkinchi kompaniyaga yuboriladi. Keyin yana bir necha kompaniyalar orqali aylantiriladi. Har bir bosqichda pulning haqiqiy manbasini aniqlash qiyinlashadi.
Masalan, pul:
• Rossiya → Kipr → Panama → Britaniya Virgin orollari
kabi bir nechta davlatlar orqali harakat qilishi mumkin.
Shu tariqa pulning izi qatlamlar orqali yashiriladi.
So‘nggi bosqichda esa – integratsiyalashadi. «Yuvilgan» pul qonuniy iqtisodiyotga qaytariladi. Endi u rasman biznes daromadi yoki investitsiya sifatida ko‘rinadi. 2000-yillarda Meksikadagi narkotik kartellari pul yuvish uchun AQSHda ko‘chmas mulk bozoridan foydalangan.
Jinoyatchilar Los-Anjeles va Mayamida uylar sotib olgan,qimmat avtomobillar xarid qilgan, qurilish yoki restoran biznesiga investitsiya kiritgan Tashqaridan qaraganda bu pul qonuniy investitsiyaga o‘xshaydi.
Masalan, jinoyatchi ofshor kompaniya orqali 5 million dollar investitsiya qiladi. Keyin u kompaniyadan “qurilish loyihasidan olingan foyda” sifatida pul oladi. Hujjatlarda esa barcha operatsiyalar qonuniy ko‘rinadi.
Shu sababli bugungi kunda davlatlar bank tizimi, xalqaro to‘lovlar va kriptovalyuta operatsiyalarini qat’iy nazorat qila boshlagan.
Teglar






