O‘zbekistonda joriy hafta qanday ob-havo kuzatilishi ma’lum qilindi
Hafta davomida O‘zbekistonning asosiy qismida quruq va iliq ob-havo saqlanadi, ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir kuzatilishi mumkin.

O‘zbekistonda ish haftasi davomida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, hududlarning asosiy qismida quruq va barqaror ob-havo ustunlik qiladi.
27-aprel kuni faqat Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining ayrim joylarida, shuningdek, Farg‘ona vodiysida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Kunduzgi harorat +26...+29 daraja atrofida, janubiy va cho‘l hududlarda esa +30...+33 darajagacha ko‘tariladi.
29–30-aprel kunlari respublika bo‘ylab deyarli barcha hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanadi. Faqat 30-aprel kuni shimoli-g‘arbiy hududlarning ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor. Bu kunlarda havo harorati kunduzi +28...+33 daraja, janub va cho‘l hududlarda esa +35 darajagacha isishi mumkin.
1-may kuni esa respublika bo‘yicha ba’zi hududlarda yana qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Harorat deyarli o‘zgarishsiz qoladi.
Shu bilan birga, 30-aprel kuni shimoli-g‘arbiy hududlarda, 1-may kuni esa respublika bo‘ylab ayrim joylarda shamol tezligi sekundiga 15–20 metrgacha kuchayishi, ba’zi hududlarda esa chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida esa hafta davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 27-aprel kuni kunduzi +26...+28 daraja, seshanba kuni +27...+29 daraja, 29–30-aprel va 1-may kunlari +29...+32 daraja issiq bo‘ladi. Kechalari havo harorati +14...+17 daraja atrofida saqlanadi.





