Rossiya iqtisodiyotida ishchi kuchi taqchilligi: kadrlar zaxirasi 2,5 mln kishiga kamaydi

So‘nggi to‘rt yil ichida Rossiyada mehnat bozoriga chiqishga tayyor bo‘lgan erkin ishchi kuchi hajmi keskin qisqardi. FinExpertiza tahlillariga ko‘ra, kadrlar rezervi 7 milliondan 4,4 millionga tushib qolgan va bu iqtisodiyot uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Rossiya iqtisodiyotida ishchi kuchi taqchilligi: kadrlar zaxirasi 2,5 mln kishiga kamaydi

Rossiyada mehnat bozoridagi bo‘sh ishchi kuchi — kadrlar rezervi oxirgi to‘rt yilda 2,5 mln kishiga qisqardi. Agar 2021-yil yakunida bu ko‘rsatkich 7 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil oxiriga kelib 4,4 mlnga tushdi. Faqatgina oxirgi bir yil ichida rezerv 9 foizga yoki 415 ming kishiga kamaygan, deb yozmoqda «Izvestiya» nashri.

Shu bilan birga, iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni 72 mlndan 75 mlngacha oshdi, bu esa zaxiraning band bo‘lganlarga nisbatini 10 foizdan 6 foizgacha tushirib yubordi.

Ekspertlar vaziyatning bu qadar yomonlashuviga bir qancha omillarni sabab qilib ko‘rsatmoqda. Birinchi navbatda, 1990-yillar va 2000-yillar boshidagi tug‘ilish past bo‘lgan avlodning mehnat bozoriga kirib kelishi ishchi kuchining tabiiy kamayishiga olib keldi.

Ikkinchi muhim omil — harbiy zavodlar tomonidan ishchi kuchiga bo‘lgan talabning keskin ortishi. Mudofaa sanoati korxonalari bozordagi deyarli barcha bo‘sh resurslarni «yutib yubordi», bu esa fuqarolik sektorida kadrlar tanqisligini keltirib chiqardi.

Demografik inqiroz

«Sibirskiy delovoy soyuz» rahbari Anastasiya Gorelkinaning ta’kidlashicha, yangi kadrlar zaxirasi deyarli qolmagan. Pensiya yoshini oshirishdan kutilgan ijobiy samara o‘z kuchini yo‘qotdi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi pastligicha qolmoqda, yosh bolali ayollar esa mehnat bozoriga to‘liq jalb etilmagan. Demografik sabablarga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti 2030 yilgacha har yili taxminan 2 mln ishchini yangilab borishi zarur.

Bunday sharoitda iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish uchun yagona yo‘l — mehnat unumdorligini yiliga 3–4 foizga oshirishdir. Biroq yosh ishchilar yetishmovchiligi va xodimlarning qarishi budjetga ijtimoiy yukni oshirib, texnologik rivojlanishni sekinlashtirishi mumkin.

Rossiya mehnat bozoridagi bu taqchillik nafaqat ichki ishlab chiqarishga, balki ish haqining inflyatsion o‘sishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid