Rossiyaliklarning deyarli chorak qismi Putinga ishonmaydi — VSIOM

Bugun 19:502 daqiqa

Bu Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Rossiyaliklarning deyarli chorak qismi Putinga ishonmaydi — VSIOM

So‘rovda qatnashgan rossiyaliklarning 24,1 foizi mamlakat prezidenti Vladimir Putinga ishonmaydi, respondentlarning 23,3 foizi uning Rossiya prezidenti lavozimidagi ishini ma’qullamaydi. Bu haqda Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM) tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarda keltirilgan.

«Agentstvo» nashrining qayd etishicha, bu Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichlardir.

O‘tgan hafta bilan solishtirganda, prezident faoliyatini ma’qullash darajasi 1,1 foiz punktga tushib, 65,6 foizni tashkil etgan. Putinga bo‘lgan ishonch darajasi ham bir foiz punktga pasayib, 71 foizga tushgan.

VSIOM yangi ma’lumotlarni ikki soatlik kechikish bilan e’lon qildi, bunga OAV e’tibor qaratdi. VSIOM matbuot xizmati kechikish «texnik nosozliklar» bilan bog‘liqligini bildirdi.

«Meduza»ning Rossiya hukumatiga sodiq OAVlardan biridagi manbasiga ko‘ra, prezident administratsiyasining siyosiy blokidan nashrlarda VSIOM emas, balki «Jamoatchilik fikri» jamg‘armasi (FOM) taqdim etgan Putin reytingiga havola qilish yoki bu haqda umuman xabar bermaslik bo‘yicha tavsiya tushgan.

FOMning yangi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning 76 foizi prezident o‘z lavozimida «yaxshiroq» ishlayapti deb hisoblaydi, 74 foizi esa unga ishonadi.

VSIOM ketma-ket yetti hafta davomida Vladimir Putin reytinglari pasayishini qayd etmoqda. RF prezidenti administratsiyasi bilan hamkorlik qiluvchi siyosiy texnologning «Meduza»ga aytishicha, hokimiyat reytinglari tushishiga sabab — «Telegram»ning bloklanishi va mobil internetga cheklovlar qo‘yilishi, shuningdek, narxlar oshishi va rossiyaliklarning urushdan charchaganidir.

Teglar

Mavzuga oid