Elektron tijoratda eskrou va arbitraj tizimi joriy etilishi mumkin
Raqobat qo‘mitasi onlayn savdoda iste’molchilarni himoya qilish uchun eskrou to‘lov, arbitraj va sotuvchilar reytingi tizimini joriy etishni taklif qildi.

O‘zbekistondagi marketpleyslarda eskrou to‘lov mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning I choragi yakuniga ko‘ra, 111 ta subyekt faoliyati yuzasidan jami 1 657 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 36,3 foizi tovar sifatiga (602 ta), 16,8 foizi to‘lov munosabatlariga (278 ta), 11,3 foizi esa yetkazib berish jarayoniga (188 ta) tegishli. Ko‘rib chiqish natijasida murojaatlarning 60 foizi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarning katta qismi yirik platformalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, “Uzum Market” bo‘yicha 490 ta, “Uzum Nasiya” bo‘yicha 391 ta, “Alif” xizmatlari bo‘yicha esa 52 ta murojaat qayd etilgan.
Asosiy muammolar sifatida tovarning tavsifga mos kelmasligi, moliyaviy hisob-kitoblardagi noaniqliklar va logistikadagi uzilishlar qayd etilmoqda. Ayniqsa, chekka hududlarda yetkazib berish muddatlari dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.
Tahlillar asosida qo‘mita xalqaro tajribadan kelib chiqib, eskrou to‘lov tizimini joriy etishni taklif qildi. Bu mexanizmga ko‘ra, xaridor tovarni qabul qilib, uni tasdiqlamaguncha pul sotuvchiga o‘tkazilmaydi. Bu esa ayniqsa ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, sotuvchilar reytingi va javobgarligini oshirishga qaratilgan tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, sifatsiz mahsulot sotgan tadbirkorlarni platformalardan chetlashtirish bo‘yicha qat’iy mexanizmlar ishlab chiqilishi mumkin.
Navbatdagi muhim takliflardan biri — nizolarni avtomatlashtirilgan tarzda hal qilish tizimini, ya’ni arbitraj platformasini yaratishdir. Bu orqali har bir murojaatni qo‘lda ko‘rib chiqish o‘rniga, onlayn tarzda tezkor va shaffof yechimlar taqdim etish imkoni paydo bo‘ladi.
Qo‘mita, shuningdek, elektron tijorat sohasida qonunchilikni takomillashtirish, raqamli savodxonlikni oshirish va logistika markazlarini sertifikatlash kabi qo‘shimcha choralarni ham taklif qildi.





