Vashington NATOdagi ittifoqchisini alyansdan chiqarish bilan tahdid qilmoqda
Pentagonning maxfiy maktublarida «itoatsiz» yevropaliklarni jazolash va ularning «manmanligini» jilovlash rejasi aks etgan.

Pentagonda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Eron bilan urushini qo‘llab-quvvatlamagan NATO bo‘yicha ittifoqchilariga nisbatan tasir choralari muhokama qilinmoqda. Bu haqda «Reuters» AQSH Mudofaa vazirligi ichidagi maxfiy yozishmalardan xabardor manbaga tayanib, xabar berdi.
«Pentagonning ichki maktubida alyans bo‘yicha ayrim ittifoqchilarning AQSHga yordam bermaslik qaroridan norozilik bildirilgan», - deb aytdi agentlik suhbatdoshi.
Vazirlikda muhokama qilinayotgan ehtimoliy sanksiyalar orasida — «muammoli» davlatlar vakillarini NATOdagi asosiy va nufuzli lavozimlardan chetlashtirish hamda Ispaniyaning alyansdagi ishtirokini to‘xtatib turish bor.
«Reuters» agentligining yozishicha, «maktub mualliflari bu qaror AQSHning harbiy amaliyotlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasa-da, katta ramziy ma’noga ega bo‘ladi», deb hisoblaydi. Biroq bu qarorni amalda qanday ijro etish mumkinligi va NATOda bunga asos bo‘luvchi mexanizmning o‘zi bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.
Shu bilan birga, «Reuters» manbasi maktubda AQSHning NATOdan chiqishi yoki Yevropadagi bazalarini yopishi haqida gap ketmaganini aniqlashtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilgan choralar yevropaliklardagi «ustunlik hissini jilovlash» va NATO bo‘yicha ittifoqchilarga «kuchli signal» yuborishni maqsad qilgan.
AQSHning ayrim ittifoqchilarga, jumladan Ispaniyaga nisbatan etirozlari ularning Vashingtonga Eronga zarba berish uchun o‘z harbiy bazalari va havo hududidan foydalanishga ruxsat bermagani bilan bog‘liq.
«Pentagon ittifoqchilar bilan aynan shunday shartlarda hamkorlik qilishni alyans faoliyatining muhim poydevori deb hisoblaydi», - deyiladi Reuters maqolasida.
«The Wall Street Journal» nashri aprel oyi boshida Oq uy AQSH va Isroilning Eron bilan urushini qo‘llab-quvvatlamagan NATO davlatlaridan o‘z harbiylarini olib chiqib ketish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.





