Rossiya budjetidagi rekord taqchillik: Chorak yillik xarajatlar bir yillik rejadan oshib ketdi

Rossiya federal budjetining taqchilligi dastlabki uch oydayoq bir yillik rejani 20 foizdan ko‘proqqa ortda qoldirdi. Neft narxining tushishi va xarajatlarning keskin ortishi davlat xazinasini murakkab ahvolga solib qo‘ydi.

Rossiya budjetidagi rekord taqchillik: Chorak yillik xarajatlar bir yillik rejadan oshib ketdi © Фото Сергея Савостьянова / ТАСС

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Rossiya federal budjetining defitsiti 4,6 trln rublni tashkil etdi. Bu Moliya vazirligi butun yil uchun rejalashtirgan ko‘rsatkichdan 20,8 foizga ko‘pdir. Bunday salbiy natijaga neft va gaz daromadlarining 45 foizga qisqarib, 1,44 trln rublga tushib qolgani asosiy sabab bo‘ldi. Fevral oyida «Urals» markali neftning narxi bir barreli uchun 44,6 dollargacha tushdi, vaholanki budjet rejasida bu ko‘rsatkich 59 dollar etib belgilangan edi.

Daromadlar kamaygan bir paytda xarajatlar 17 foizga oshib, 4,576 trln rublga yetdi. Buning asosiy qismi davlat shartnomalari bo‘yicha muddatidan oldin avans to‘lovlari berilgani bilan izohlanmoqda. Rossiya budjetining eng katta xarajat moddasi — milliy mudofaa bo‘lib, u umumiy budjetning 29 foizini egallaydi. Ikkinchi o‘rinda ijtimoiy siyosat turadi: pensiyalarni indeksatsiya qilish, minimal ish haqini 27 093 rublgacha oshirish va harbiy amaliyot ishtirokchilari oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 trln rubldan ortiq mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish uchun ham 3,9 trln rubl sarflanmoqda.

Vaziyatni o‘nglash choralari

Rossiya rasmiylari defitsitning kattaligiga qaramay, vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlamoqda. Hozir taqchillik YAIMning taxminan 2 foizini tashkil etadi.

Mutaxassislarning fikricha, Milliy farovonlik jamg‘armasida 13,7 trln rubl zaxira mavjudligi vaziyatni barqaror ushlab turishga imkon beradi. Moliya vazirligi budjetni to‘ldirish uchun allaqachon 1,4 trln rubllik davlat zayom obligatsiyalarini joylashtirdi va budjet qoidasi bo‘yicha valuta intervensiyalarini to‘xtatdi.

Davlatning strategik maqsadi — budjetni neft va gaz daromadlariga qaramlikdan qutqarishdir. 2026 yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra, noneft-gaz daromadlarining ulushi 80 foizdan oshdi. Bunga asosan QQS stavkasining 22 foizgacha oshirilishi va soliq tizimining kuchaytirilishi hisobiga erishildi.

Endi soliq organlari jismoniy shaxslarning bank hisoblaridagi o‘tkazmalarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Biroq ekspertlar ma’muriy bosimning haddan tashqari kuchayishi iqtisodiy o‘sish o‘rniga stagnatsiyaga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Teglar

Mavzuga oid