Huquqbonlar uyg‘urlardan xavotirda: Xitoyda «etnik birdamlik» to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Keskin e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ushbu hujjat ijtimoiy hayotda, jumladan, ta’lim tizimida xitoy tilining mandarin lahjasiga ustuvor maqom berishni ko‘zda tutadi.

Xitoy Xalq Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organi — Umumxitoy xalq vakillari majlisi 12-mart kuni «Etnik birdamlik va taraqqiyotga ko‘maklashish» deb nomlangan qonunni qabul qildi.
Mazkur hujjat «xitoy millatiga mansub barcha etnik guruhlar o‘rtasida umumiylik hissini mustahkamlash»ni ko‘zda tutadi. Ushbu maqsadga erishish mamlakatdagi barcha jamoat tashkilotlari, tijorat tuzilmalari va qurolli kuchlar uchun majburiy vazifa etib belgilandi.
Mandarin lahjasining ustuvorligi
Xususan, mazkur qonun jamoat joylarida mandarin lahjasining milliy ozchilik tillariga nisbatan ustuvor qo‘llanilishini majburiy qilib qo‘yadi.
Huquq himoyachilari Xitoyda o‘z tili va lahjasiga ega bo‘lgan 55 ta etnik ozchilik mavjudligini ta’kidlamoqda. Tibet va Ichki Mo‘g‘uliston kabi etnik ozchiliklar ko‘p yashaydigan hududlarda maktab ta’limi xitoy tilida olib borilishi allaqachon majburiy qilib qo‘yilgan.
Huquq himoyachilarining tanqidi
Amerikaning PEN-klubi faoli Erika Nguyenning so‘zlariga ko‘ra, Pekin hukumati «bolalarning o‘zligi, tarixi va madaniyati bilan aloqasini uzish»ga harakat qilmoqda.
Huquq himoyachilari yangi qonun ayniqsa musulmon uyg‘urlarga nisbatan bosimni yanada kuchaytirishidan xavotirda. Ma’lumki, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Pekinni ushbu etnik ozchilik huquqlarini muntazam poymol qilib kelayotganlikda bir necha bor ayblagan.
Qonunning xalqaro ta’siri
Yangi qonunning ta’sir doirasi Xitoy chegaralari bilangina cheklanib qolmaydi. Hujjatda xorijdagi xitoy diasporalari bilan «aloqalarni mustahkamlash» ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, chet elda turib Xitoyning «etnik birdamligiga» putur yetkazayotgan yoki «etnik separatizm»ni targ‘ib qilayotgan shaxslarni ham qonuniy javobgarlikka tortishni nazarda tutadi.





