Prezident «Neftchi» akademiyasidagi yangi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi

Kecha 23:162 daqiqa

Davlat rahbari «Neftchi» futbol akademiyasidagi bolalar bilan nafaqat samimiy suhbatlashdi, balki ular bilan bir maydonda to‘p ham tepdi.

Prezident «Neftchi» akademiyasidagi yangi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi © Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida futbol assotsiatsiyasi markazi va «Neftchi» bolalar futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari u yerda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, yosh sportchilarning mashg‘ulot jarayonlarini kuzatdi.

Farg‘ona viloyati mamlakatdagi an’anaviy futbol markazlaridan biri hisoblanadi. 1962 yilda tashkil etilgan «Neftchi» klubi milliy chempionatda olti marta g‘olib chiqqan, shuningdek, mamlakat kubogi va Superkubokni ikki martadan qo‘lga kiritgan. Klub 1994 yilda MDH kubogi finaliga chiqqan va 1994–1995 yillarda Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

So‘nggi yillarda hududda yosh futbolchilarni tayyorlash va murabbiylar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda 2025 yilda «Neftchi» klubi qoshida bolalar futbol akademiyasi tashkil etildi.

Akademiya 4,5 gektardan ortiq maydonda joylashgan bo‘lib, 150 nafardan ortiq tarbiyalanuvchilarni qamrab olish imkoniyatiga ega. Uning hududida oltita futbol maydoni barpo etilgan, shuningdek, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya bo‘limi faoliyat yuritmoqda.

Loyiha doirasida 1,1 million dollar sarmoya evaziga sun’iy qoplamali va havo gumbazli yopiq futbol maydoni qurilgan. Bu esa yil davomida mashg‘ulotlarni uzluksiz tashkil etish imkonini yaratadi.

Xalqaro standartlar asosida futbolchilarni tayyorlash maqsadida akademiyaga UEFA instruktorlari va xorijiy mutaxassislar jalb etilgan. Bu esa yosh iste’dodlarni professional darajada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Tashrif davomida Prezident akademiya infratuzilmasini yanada takomillashtirish, yoshlar sport maktablari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va futbolni ommalashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.3`

Teglar

Mavzuga oid